O‘zbekiston prezidenti Santyago Penyani Ko‘ksaroy qarorgohida qabul qilarkan, Lotin Amerikasi davlati Prezidenti tomonidan O‘zbekistonga ilk bor amalga oshirilayotgan ushbu tashrif tarixiy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Paragvay o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi. Ikkala davlat rahbarlari mazkur sammit ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishda yangi davrni boshlab berishi ta’kidladilar.
Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikni, jumladan, savdo-iqtisodiyot, madaniy-gumanitar, ta’lim va boshqa sohalarda kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Yetakchilar o‘zaro savdoni ko‘paytirish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va kimyo sanoati, raqamlashtirish, turizm hamda sport sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdilar.
Mirziyoyev va Penya siyosiy muloqotni davom ettirishga va ikki mamlakat uchun o‘zaro manfaatli sohalarda amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Toshkentdagi uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Paragvay prezidentlari Qo‘shma bayonot imzoladilar.
Bundan tashqari, yetakchilar huzurida O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi doirasida bozorga kirish masalalari bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani to‘g‘risidagi bayonnoma hamda Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuv mexanizmini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.



