Qozog‘istonda filmni suratga olish jarayonida poyezdda 52 kishi gaz isidan zaharlandi

freepik.com sayti fotosurati

Olmaotada 52 kishi, jumladan, bolalar gaz isidan zaharlandi, deb xabar beradi ORDA.kz.

Hodisa Olmaota-2 vokzaliga yetib kelgan poyezdda sodir bo‘lgan. Voqea joyiga o‘n uchta tez tibbiy yordam brigadasi yetib kelgan. Jabrlanganlar kasalxonalarga joylashtirilgan.

«O‘n nafar bola kasalxonaga yotqizildi, ikkitasi reanimatsiya bo‘limida. Qolganlariga esa, tekshiruvdan so‘ng, yashash joyida ambulatoriya sharoitida davolanish tavsiya qilindi», — deb izoh bergan Olmaota jamoat salomatligi boshqarmasi.

«Qozog‘iston temir yo‘llari» (QTY) zaharlanish sodir bo‘lgan poyezd xususiy tashuvchiga tegishli ekanini va u filmni suratga olish uchun kinostudiyaga ijaraga berilganini ma’lum qildi. Kompaniya voqea haqida qo‘shimcha ma’lumot bermagan.

Shu bilan birga, Tengrinews.kz guvohga tayanib, jabrlanganlar Janubiy Koreya teleserialini suratga olish jarayonida ishtirok etishganini xabar qiladi. Kastingga kelgan odamlar «uzoq cho‘lga, temir yo‘lga» olib ketilgan.

«Avvaliga biz isitiladigan chodirlarda kutdik va bizga suratga olish ishlari issiq poyezdda bo‘lib o‘tishini va’da qilishdi. Ammo hamma narsa tayyor bo‘lgach, koreys suratga olish guruhi so‘nggi daqiqada issiq vagonni egallab olishdi, bizlarni esa — ayollar, bolalar, barchamizni— sovuq vagonga haydashdi», — degan u.

Erkakning so‘zlariga ko‘ra, suratga olish ishlari taxminan uch soat davom etgan, shu vaqt ichida massavka ishtirokchilari sovuqdan muzlab qolishgan. Guvohning so‘zlariga ko‘ra, suratga olish ishlari tugagandan so‘ng, guruhni boshqa, yana sovuq vagonga ko‘chirishgan. Massovka ishtirokchilarining telefonlari oldindan olib qo‘yilgan. Odamlar issiqlikni talab qila boshlaganlarida, tashkilotchilar gaz pechini o‘rnatishgan. Biroz vaqt o‘tgach, odamlar hushidan keta boshlaganlar.

Erkakning ta’kidlashicha, shundan so‘ng odamlarni suratga olish guruhi turgan vagonga evakuatsiya qilishgan. Poyezdda shifokor bo‘lmagan, politsiya va tez tibbiy yordam xodimlari ularni vokzalda kutib olishgan.

Transport politsiyasi departamenti matbuot xizmati Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 156-moddasi (Mehnat xavfsizligi qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini xabar qildi. Hozirda zarur tergov harakatlari olib borilmoqda.