Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) mamlakat bo‘ylab mikro, kichik va o‘rta korxonalarga (KKO‘K) 60 million yevro miqdorida kredit yordami ko‘rsatadi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Mablag‘lar O‘zbekistondagi biznes kreditlarini taqdim etuvchi eng yirik xususiy banklardan biri bo‘lgan Hamkorbankga taqdim etiladi.
«KKO‘K O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim rol o‘ynaydi, yalpi ichki mahsulotning qariyb yarmini ishlab chiqaradi va ishchi kuchining qariyb 80 foizini ish bilan ta’minlaydi. Ushbu korxonalarni qo‘llab-quvvatlash YETTBning strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biridir», — yeb ta’kidlaydi Yevropa kreditorining matbuot xizmati.
ℹ️ YETTB O‘zbekiston bilan 1990 yillarning boshidan hamkorlik qilib keladi. 2007 yildan 2017 yilgacha ikki tomon o‘rtasidagi munosabatlar deyarli muzlatilgan edi, bank faqat mavjud investitsiya portfelini qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullangan. YETTB ofisi Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng, 2017 yil kuzida O‘zbekistonda faoliyatini qayta tikladi. 2018 yil oktyabr oyida bank hukumat tomonidan boshlangan islohotlarni hisobga olgan holda, keyingi besh yil uchun hamkorlik ustuvorliklarini belgilab beruvchi O‘zbekiston strategiyasini qabul qildi. Bir yil o‘tgach, YETTB mamlakatda aholi eng zich joylashgan mintaqasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Andijonda ikkinchi ofisini ochdi.
Bugungi kunda YETTBning O‘zbekistondagi investitsiya portfeli 5,6 milliard yevrodan ortiq qiymatga ega 193 ta loyihani o‘z ichiga oladi. AQSH dollarida bu 6,5 milliarddan ortiq summani tashkil etadi. Joriy yilning iyun oyida YETTB va O‘zbekiston Yevropa banki portfelini 1,1 milliard dollarga oshirishga kelishib oldilar va umumiy summani 6,6 milliard dollarga yetkazdilar.
Ushbu mablag‘larning katta qismi xususiy sektorni rivojlantirishga sarflanadi. O‘zbekiston ketma-ket beshinchi yil davomida Markaziy Osiyoda YETTB investitsiyalarining eng yirik oluvchisi bo‘lib qolmoqda.



