Qoraqalpoq o‘tovlari, sumalak va maksim YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi

Emomali Rahmon sumalak pishirish marosimida. Tojikiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

Hindistonning Nyu-Dehli shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO ekspertlar qo‘mitasining 20-yig‘ilishida Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan taqdim etilgan bir nechta nominatsiyalar Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. Jumladan, qoraqalpoq o‘tovlari, bayramona taom sumalak va maksim ichimligi ro‘yxatdan joy oldi.

O‘tovlar — turkiy xalqlarning, jumladan, qoraqalpoqlarning an’anaviy o‘yi hisoblanadi. Ta’kidlanishicha, mazkur obyekt YUNESKO ro‘yxatiga 2014 yili Qozog‘iston va Qirg‘iziston taklifi bilan kiritilgan.

Bu yil O‘zbekiston o‘z nominatsiyasini qoraqalpoq o‘tovlarini qo‘shish orqali kengaytirdi. Loyiha taklifida aytilganidek, o‘tovlar (yurtalar) nafaqat turar joy, balki milliy o‘ziga xoslik ramzi hamdir. Ularni barpo etish an’analari avloddan-avlodga, ustozdan shogirdga o‘tib keladi. Mutaxassislar ro‘yxat bandini kengaytirishga kelishib oldilar va nomzodlar soni uchtagacha ko‘paydi.

O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ushbu xalqaro miqyosdagi e’tirof an’analarning naqadar teranligi, ma’naviy meros qudrati va avlodlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni tasdiqlashini ta’kidladi.

«Bu madaniyatimizga daxldor barchaning g‘alabasidir! Biz esa o‘zligimizni bemisl qiluvchi qadriyatlarimizni ko‘z qorachig‘idek saqlagan holda olg‘a qadam tashlashda davom etamiz», — deb yozadi davlat rahbari qizi o‘zining Telegram-kanalida.

Sumalak ham YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi, deb xabar beradi nomzodlikni ilgari surgan mamlakat Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Sumalak — Markaziy Osiyo, Kavkaz va Yaqin Sharqda bahor kelishi va yangi yil boshlanishi sifatida keng nishonlanadigan Navro‘z (Nooruz, Nauriz) bayramining asosiy taomidir.

Kaktus.media xabariga ko‘ra, YUNESKO qirg‘izlarning yaxna ichimligi — maksimni avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan xalq bilimlari, madaniy qadriyatlar va milliy mehmondo‘stlikning maxsus falsafasini birlashtiradigan noyob hodisa sifatida tan oldi.

Ichimlik asosan arpa, shuningdek, makkajo‘xori, bug‘doy va tariqdan tayyorlanadi. Maksimning ko‘plab turlari mavjud — har bir qishloqning boshqalardan farqli o‘laroq, o‘ziga xos versiyasi borligi aytiladi.

Maksimning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilishi Markaziy Osiyo respublikasi uchun katta ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlangan. Xalq an’anasi bo‘lmish bu ichimlik ko‘chmanchilarga safarlarda hamroh bo‘lgani sababli, u festivallar va turli marosimlarda iste’mol qilinadi.

Shuni qo‘shimcha qilish lozim, bu yil Markaziy Osiyodan yana bir ariza ko‘rib chiqilmoqda. Turkmaniston «Turkman alabay itlarini ko‘paytirish san’ati» nominatsiyasini ilgari surdi. Milliy it zoti ham YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.

Bir kun oldin mutaxassislar shoshilinch himoyaga muhtoj nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritish uchun nomzodlarni ko‘rib chiqdilar. Qo‘mita O‘zbekistonning qo‘biz ishlab chiqarish va chalish bo‘yicha arizasini ham ro‘yxatga kiritdi.