Qozog‘istonda KQKga berilgan zarbalardan ko‘rilgan zararni hisoblab chiqdilar

cpc.ru sayti fotosurati

Kaspiy quvurlari konsorsiumiga (KQK) qilingan hujumlar natijasida Qozog‘istonning neft qazib olishdagi yo‘qotishlari 480 ming tonnani tashkil etdi. Bu haqda mamlakat Energetika vaziri Yerlan Akkenjenov ma’lum qildi, deb xabar beradi Vlast.kz.

Shu bilan birga, mulozim yil yakuniga ko‘ra neft qazib olish rejalari bajarilishiga ishontirdi.

Siyosatshunos Marat Shibutov o‘zining Telegram kanalida neft narxi bir tonna uchun 450 dollar bo‘lganida Qozog‘iston 216 million dollar yo‘qotganini hisoblab chiqdi. «Bu taxminan 110 milliard tenge. Bu juda katta pul», — deb ta’kidlaydi u.

KQK neft tashish tizimi Kaspiy mintaqasidan neftni jahon bozoriga tashishning eng katta yo‘nalishi hisoblanadi. 1500 kilometr uzunlikdagi magistral quvur G‘arbiy Qozog‘iston konlarini (Tengiz, Qorachig‘anoq va Kashag‘an) Rossiyaning Qora dengizi sohillari bilan bog‘laydi, u yerda neft dengiz terminali orqali tankerlarga yuklanadi.

Bu yil quvur orqali rekord darajadagi 72 million tonna neftni uzatish rejalashtirilgan edi, ammo endi reja 68 million tonnaga qisqartirildi. Energetika vazirligi rahbari Qozog‘iston KQKdan voz kechmasligini ta’kidladi, chunki bu yo‘nalishga «muqobil variant» yo‘q.

Noyabr oyi oxirida Ukraina droni hujumidan KQK yuklash infratuzilmasining asosiy qismi zarar ko‘rdi va bu tizim orqali eksport kamayishiga olib keldi. Hozirda Novorossiysk portidagi uchta langar blokidan faqat bittasi — VPU-1 ishlamoqda. VPU-2 zarba natijasida jiddiy shikastlangan. Akkenjenov xabar berishicha, mutaxassislar ta’mirlash imkoniyatini baholash uchun uning suzish qobiliyatini tiklashmoqda. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, langarda ulkan yoriq yuzaga kelgan.

Hujum paytida yana bir bardoshli langar — VPU-3ga rejali texnik xizmati ko‘rsatilayotgan bo‘lgan. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, bu 15 dekabrgacha yakunlanmasligi mumkin. To‘liq eksport hajmini saqlab qolish uchun Qozog‘istonga kamida ikkita ishlaydigan langar bloki kerak. Shu sababli, omborlarda neft zaxiralari to‘plana boshladi, deb ta’kidlaydi agentlik.