Surxondaryolik 25 yoshli fuqaro Ukraina hududida Rossiya armiyasi safida maxsus harbiy operatsiyada (MHO) qatnashgani uchun uch yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Kun.uz Uzun tuman sudi hukmiga tayanib xabar berdi.
O‘zbekistonlik erkak Respublika Jinoyat kodeksining 154-1-moddasi 2-qismi («Yollanish») bo‘yicha aybdor deb topildi.
Sudda ayblanuvchi o‘z aybini to‘liq tan olgan, ammo deportatsiya niqobi ostida MHOga firibgarlik yo‘li bilan yollanganini aytgan.
Ish materiallariga ko‘ra, Uzun tumanida tug‘ilgan S.B. 2019 yildan beri Rossiyada ishlab kelgan. 2025 yil aprel oyida u Moskva viloyatida politsiya tomonidan Rossiyada yashashini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qligi uchun hibsga olingan.
Vaqtinchalik saqlash hibsxonasida erkakka urushga borish taklif qilingan, unga 3 million rubl (37 500 dollar) va bir yillik xizmat uchun Rossiya fuqaroligini va’da qilishgan. Yigit rad etgan, ammo keyinchalik hujjatlarni bosim ostiga imzolagan.
«3 aprel kuni politsiya xodimlari «deport hujjatlariga imzo qo‘y», deya o‘qib chiqishimga imkon bermasdan Rossiya armiyasida xizmat qilish bo‘yicha shartnomaga imzo qo‘ydirib olishdi. 4 aprel kuni konvoy va maxsus otryad xodimlari kelib, avtobusda Voronej shahriga olib ketishdi», – deydi S.B. sudda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Voronejda yollanganlarga otishma va tibbiy tayyorgarlikdan saboq berishgan, agar ular xizmat qilishdan bosh tortsalar, uzoq muddatli qamoq jazosi bilan qo‘rqitishgan.
«Mashg‘ulotlarda o‘qotar qurollar va aloqa vositalaridan foydalanish, birinchi tabbiy yordam ko‘rsatish kabi ko‘nikmalarni o‘rgatishdi. U yerda turli davlat fuqarolari bor edi», — degan S.B.
Mashg‘ulotlarni tugatgandan so‘ng, guruh Ukraina hududiga, keyinchalik Kremennaya o‘rmoniga ko‘chirilgan. Ularga Ukraina harbiylariga ta’minot keladigan ko‘prikni egallash va uni qo‘riqlaydigan harbiylarini yo‘q qilish vazifasi yuklatilgan. O‘z pozitsiyasiga yaqinlashayotganda, guruh dron hujumiga uchragan.
«Snaryad portlashi oqibatida oskolkalar tegib, og‘ir jarohat oldim. O‘zimga og‘riq qoldiruvchi ukol qilib, jgut bilan chap qo‘lim va chap oyog‘imni bog‘ladim», – deb hikoya qiladi S.B.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mondonlik unga evakuatsiya guruhi otishma joyiga yetib bora olmasliklari haqida radio orqali xabar bergan. Yarador uch kilometr masofani bosib o‘tib, ortga qaytishga majbur bo‘lgan.
Donetsk va Belgoroddagi harbiy gospitallarda davolangandan so‘ng, surxondaryolik fuqaroga ta’til berishgan. Bundan foydalanib, u 4 sentyabr kuni O‘zbekistonga qaytgan.



