Turkmaniston rasmiylari og‘ir kasallikka chalingan faol Mingelovni ozod qilish uchun hech qanday asos topishmadi

IIV JID JAVOBI; MANSUR MINGЕLOV. TURKMEN.NEWS SAYTI FOTOSURATI

Turkmaniston Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish departamenti (IIV JID) faol Mansur Mingelovni muddatidan oldin ozod qilish uchun hech qanday qonuniy asos yo‘qligini ma’lum qildi. Departament mahbusning og‘ir kasallikka chalinganiga qaramay, qarindoshlari iltimosini rad etgan. Bu haqda Turkmen.news nashri xabar berdi.

Joriy yil sentyabr oyida mahbusning qarindoshlari Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligiga suyak sil kasalligining og‘ir shakli tashxisi qo‘yilgani sababli Mingelovni ozod qilish jarayonini boshlash iltimosi bilan murojaat qilishgan. Ular Turkmaniston Jinoyat kodeksining 76-moddasi («Og‘ir kasallik tufayli jazodan ozod qilish») va Jinoyat-ijroiya kodeksining 166-moddasi («Jazodan ozod qilish asoslari»» ni keltirganlar, bu yerda «og‘ir kasallik» 6-moddada ko‘rsatilgan.

Faolning himoyasi, shuningdek, yuqorida aytib o‘tilgan moddalar qo‘llaniladigan kasalliklar ro‘yxatini tasdiqlovchi 2017 yil 11 maydagi prezident farmoniga tayangan. 2024 yil yozida Sog‘liqni saqlash vazirligi komissiyasi Mingelovning chap va o‘ng tizzalarida sil kasalligi borligini tasdiqlagan va bu kasallikni mamlakat ichida davolashning iloji yo‘qligini ta’kidlagan.

Ariza beruvchilar 20 oktabr kuni Jazoni ijro etish departamentidan umumiy javob olishgan. Xatda aytilishicha, rasmiylar «barcha dalillarni o‘rganib chiqib», bu «amaldagi Turkmaniston qonunchiligi talablariga javob bermaydi» degan xulosaga kelishgan.

Avvalroq, mahbusga qo‘yilgan tashxis Turkmanistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi (BMT) doimiy vakili Vepa Xodjiyev tomonidan ommaga e’lon qilingan edi. U milliy qonunchilik og‘ir patologiyalarga ega mahbuslarni sud qarori bilan ozod qilishni nazarda tutishini tasdiqlagan. Sud jarayoni nazorat komissiyasi va jazoni ijro etish organining qo‘shma xulosasi olinganidan so‘ng boshlanadi.

50 yoshli Mansur Mingelov hozirda MR-B/15 qamoqxona kasalxonasida saqlanmoqda.

ℹ️ Mari viloyatida yashovchi Mansur Mingelov yoshligidanoq o‘zi mansub bo‘lgan etnik ozchilik — balujlar huquqlarini himoya qilib kelgan. U birinchi marta 2012 yil iyun oyida giyohvand moddalar kontrabandasida gumonlanib hibsga olingan. Hibsga olish paytida uning oyog‘i singan.

Ozodlikka chiqqandan so‘ng Mingelov qiynoqlar va baluj xalqiga nisbatan qo‘pol zo‘ravonlik holatlari, jumladan, elektroshok, kaltaklash va boshqa qiynoqlar qo‘llangani haqida shikoyat qilgan. Keyinroq u qayta hibsga olingan va bir qator jinoyatlar, jumladan, narkotik moddalar kontrabandasi va pornografiya tarqatishda ayblangan. 2012 yili u 22 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Huquq himoyachilari buni soxta ayblovlar deb atashgan.

2018 yili Mingelovga sil kasalligi tashxisi qo‘yilgan, u oyoq osteomiyelitlari bilan asoratlangan. Qamoqxona kasalxonasiga o‘tkazilganiga qaramay, oyoq-qo‘lini kesishdan bosh tortgani uchun uni muntazam ravishda qattiq rejimli qamoqxonaga qaytarish bilan tahdid qilishgan. 2024 yili Turkmaniston Ichki ishlar vazirligining tibbiy komissiyasi tashxisni tasdiqlagan va mamlakatda bu kasallik davolanmasligini, ammo amputatsiyaga zarurat yo‘qligini ma’lum qilgan. Mahkum oyog‘ini chet elda saqlab qolish mumkin bo‘lgan.