Xorvatiyalik murabbiy va Madridning «Real» va Xorvatiya terma jamoasining sobiq futbolchisi Robert Prosinechki futbol bo‘yicha Qirg‘iziston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda Qirg‘iziston Futbol Ittifoqi (QFI) matbuot xizmati ma’lum qildi.
Murabbiy bilan shartnoma 13 oyga, Qirg‘iziston ishtirok etadigan 2027 yilgi Osiyo Kubogi oxirigacha amal qiladi. Agar Prosinechki boshchiligida jamoa turnirda yaxshi o‘yin ko‘rsatsa, shartnoma yana uch yilga uzaytirilishi mumkin. Muvaffaqiyat nima ekaniga aniqlik kiritilmagan.
QFI rahbari Kamchibek Tashiyev o‘z nutqida Prosinechkining kelib qo‘shilishi jamoaga yangi turtki berishi va Ittifoq xorvatiyalik murabbiy qo‘l ostida jamoada sifat jihatidan o‘zgarishlar yuz berishiga ishonchi komil ekanini ta’kidladi.
Prosinechki o‘z bayonotlarida ehtiyotkor bo‘ldi. U qo‘lidan kelganini qilishini, ammo ko‘p narsa qirg‘iz futbolchilari uning talablarini qanchalik sifatli bajarishiga bog‘liqligini ta’kidladi.
Robert Prosinechki — Xorvatiyaning eng mashhur futbolchilaridan biri. U milliy terma jamoa bilan Jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan. U belgradning «Srvena Zvezda», madridning «Real» va «Barselona» jamoalarida o‘ynagan. Futbolchilik faoliyatini tugatgandan so‘ng, u murabbiy sifatida ishlay boshlagan. Prosinechki Turkiya va Xorvatiya klublarini, shuningdek, Ozarbayjon, Bosniya va Chernogoriya terma jamoalarini boshqargan.



