Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Dushanbe Afg‘oniston bilan chegarani himoya qilish uchun Rossiya qo‘shinlarini joylashtirish bo‘yicha Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) bilan muzokaralar olib borayotgani haqidagi xabarlarni rasman rad etdi.
Vazirlik bu ma’lumotni yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deb atadi va bunday ma’lumotlar tarqalishi xalqaro hamjamiyatni chalg‘itishi mumkinligini ta’kidladi. Vazirlik Tojikiston o‘z davlat chegarasini mustahkamlash uchun mustaqil ravishda barcha choralarni ko‘rayotganini ta’kidladi.
«Davlat chegarasidagi vaziyat barqarorligicha qolmoqda va Tojikiston Respublikasi vakolatli organlarining to‘liq nazorati ostida», — deb ishontirdi vazirlik.
Tojikiston hukumati Rossiya qo‘shinlarini tojik-afg‘on chegarasini birgalikda patrul qilish uchun joylashtirish imkoniyatini muhokama qilayotgani haqidagi xabar 3 dekabr kuni Reuters tomonidan xavfsizlik kuchlaridagi uchta manbaga tayanib e’lon qilingandi. Tojikiston tomonining rasmiy bayonotidan so‘ng, Reuters o‘z materialini qaytarib oldi va matnda keltirilgan faktlarni qo‘llab-quvvatlovchi yetarli dalillar yo‘qligini ta’kidladi.
Noyabr oyi oxirida Tojikiston-Afg‘oniston chegarasidagi vaziyat keskinlashdi, o‘shanda yuz bergan ikkita hodisada besh nafar Xitoy fuqarosi halok bo‘lgandi. 26 noyabr kuni sodir bo‘lgan birinchi hodisada «Shoxin SM» tog‘-kon kompaniyasining uch xodimi dron zarbasi oqibatida halok bo‘ldi. Ikkinchisida, 30 noyabr kuni, China Road and Bridge Corporation yo‘l qurilish kompaniyasining ikki ishchisi Afg‘oniston hududidan olib borilgan otishma oqibatida halok bo‘ldi. Xitoy elchixonasi Tojikiston rasmiylari bilan favqulodda muzokaralar olib bordi va Xitoy kompaniyalariga o‘z xodimlarini chegara hududlaridan evakuatsiya qilishni tavsiya qildi.
2 dekabr kuni Tojikiston va Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirlari qo‘shma xavfsizlik qo‘mitalarini tuzish va chegarachilar o‘rtasida muntazam aloqalarni o‘rnatishga kelishib oldilar. Ikkala tomon ham hujumlar uchun Kobul va Dushanbe o‘rtasidagi ishonchni buzishga intilayotgan «noxolis guruhlar»ni aybladilar.



