Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 1 dekabr kuni bir qator kadrlar o‘zgarishlarini amalga oshirdi, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati.
Qirg‘iziston Davlat kotibi lavozimida ishlagan Marat Imanqulov lavozimidan ozod qilindi va Prezident maslahatchisi etib tayinlandi. Ilgari Prezident maslahatchisi bo‘lib ishlagan Arslan Koychiyev Davlat kotibi lavozimini egalladi.
Baqtibek Bekbolotov Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimidan ozod qilindi. Bu lavozimni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Rustam Mamasadiqov egalladi.
MXDQning Terrorizmga qarshi kurash markazini Qurvanbek Avazov boshqaradi. Ilgari MXDQning O‘sh shahri va O‘sh viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Daniel Risaliyev MXDQ raisining o‘rinbosari va Kiberxavfsizlik bo‘yicha muvofiqlashtirish markazi direktori etib tayinlandi.
Mamlakat bosh xavfsizlik xizmatining yana bir xodimi Kanibek Dosmambetov endi Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlaydi. Ushbu lavozimda bir yildan kamroq vaqt egallagan Erkin Checheybayev ishdan bo‘shatildi.
Azamat Apsatarov prezident yordamchisi lavozimidan prezident Administratsiyasida davlat va hukumat rahbari qarorlarining bajarilishini nazorat qilish departamenti boshlig‘i lavozimiga o‘tdi. Ushbu lavozimda ishlagan Azamat Osmonov prezidentning Chuy viloyatidagi vakolatli vakili etib tayinlandi, u mazkur lavozimdan bo‘shatilgan Kanat Jumagaziyev o‘rnini egalladi.
Japarov shuningdek, O‘sh viloyatidagi prezident vakilini almashtirishga qaror qildi: Elchibek Jantayev Davlat xizmati va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish agentligi rahbari etib tayinlandi. Mazkur viloyatga yangi prezident vakili tayinlangani haqida ma’lumot ushbu xabar yozilayotgan paytda berilmagan edi.



