Qozog‘iston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi, Olmaotadagi «Qayrat» akademiyasi rahbari va o‘tmishda qirg‘iz va qozoq futbolchisi bo‘lgan Kirill Keker 46 yoshida vafot etdi. Bu haqda «Qayrat» futbol klubi ma’lum qildi.
O‘lim sababi aniqlanmagan.
«Bu butun klub uchun og‘ir va ulkan yo‘qotish. Biz o‘n yildan ortiq vaqt davomida «Qayrat» tizimining muhim qismi bo‘lgan va futbolimiz rivojiga hissa qo‘shgan inson vafotidan chuqur qayg‘udamiz. Kirill Sergeyevich fidoyi professional, qat’iy va adolatli ustoz, yosh futbolchilar salohiyatini qanday ochishni va eng muhim daqiqalarda ularni qo‘llab-quvvatlashni biladigan inson edi. Uning akademiya, asosiy jamoa va Qozog‘iston U-19 terma jamoasi rivojiga qo‘shgan hissasini baholab bo‘lmaydi», — deyiladi klub bayonotida.
Kirill Keker — Frunze (hozirgi Bishkek) shahrida tug‘ilgan. U futbol faoliyatini o‘z vatanida Milliy gvardiya jamoasida boshlagan va bir mavsumni Hindistonda o‘tkazgan. 1999 yili u Qozog‘istonga ko‘chib o‘tadi va u yerda 2013 yilgacha turli klublarda o‘ynaydi. 2014 yili Kirill murabbiylik faoliyatini boshlaydi. 2016 yili u «Qayrat»ga qo‘shilgan va u yerda ikki yil davomida asosiy klubni ham qo‘shib hisoblaganda turli yosh toifasidagi jamoalarga murabbiylik qilgan. Keyin u «Ordabasi» klubida ishlagan. Keyinchalik u Qozog‘istondagi eng yaxshi deb hisoblangan «Qayrat» akademiyasini boshqargan. 2025 yil boshida u Qozog‘iston U-19 terma jamoasiga bosh murabbiy sifatida taklif qilingan va jamoani Yevroga olib chiqqan. Keker boshchiligidagi jamoaning so‘nggi o‘yini 18 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi, o‘shanda ular Kipr bilan 1:1 hisobida durang o‘ynashgan va bu ularga Yevropa chempionatiga yo‘llanmani taqdim etgan.
«Farg‘ona» tahririyati Kirill Kekerning oilasi va do‘stlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
