O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi Xalqaro Kutubxonalar Federatsiyasi forumini o‘tkazishga tayyor

Petr Lapo. nuz.uz fotosurati

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi Xalqaro Kutubxona Assotsiatsiyalari va muassasalari Federatsiyasi (IFLA) tadbirlarini o‘tkazishga tayyor. Bu haqda IFLA mintaqaviy qo‘mitasi a’zosi va Qozog‘iston Milliy ayollar pedagogika universiteti kutubxonasi direktori o‘rinbosari Petr Lapo «Markaziy Osiyo va Ozarbayjon: umumiy ma’naviy va ma’rifiy meros — umumiy kelajak» xalqaro kongressida aytib o‘tdi.

«Islom sivilizatsiyasi markazi insonni hayratga soladi. Bino aynan ma’naviyatni rivojlantirish uchun qurilgan. Kutubxonachi sifatida men buni olqishlayman va IFLA Osiyo va Okeaniya mintaqaviy qo‘mitasi a’zosi sifatida, Markaz taxminan 150 mamlakatni birlashtirgan ushbu xalqaro tashkilotning ko‘plab tadbirlarini o‘tkazishi mumkinligiga ishonaman. Islom turli mamlakatlardagi millionlab odamlarni birlashtirgan dindir. Markaz nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun insoniyat uchun hamkorlik va muloqot uchun qimmatli platformaga aylanishi mumkin», — deya ta’kidladi Lapo.

ℹ️ «Markaziy Osiyo va Ozarbayjon: umumiy ma’naviy va ma’rifiy meros – umumiy kelajak» xalqaro kongressi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 13-15 noyabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Islom sivilizatsiyasi markazi tadbirni Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti va O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) bilan hamkorlikda tashkil etdi. Tadbirda olti mamlakatdan 350 dan ortiq olimlar ishtirok etdi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.