«Armiya mavzusini qo‘zg‘amaslikni so‘rashdi»

YouTubeda tinchlik davrida halok bo‘lgan qozog‘istonlik askarlar haqida film e’lon qilindi

So‘nggi uch yil ichida Qozog‘istonda 270 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Ushbu statistika o‘tgan kuzda Majilis (parlamentning quyi palatasi) deputati Nartay Sarsengaliyev tomonidan e’lon qilingan edi. Mamlakat hech qanday harbiy mojarolarda ishtirok etmasligi hisobga olinsa, bu raqam juda salmoqli ko‘rinadi. O‘lganlarning aksariyati muddatli harbiy xizmatchilar. Ular kasalliklar, qurol bilan bog‘liq hodisalar qurbonlari bo‘lishgan, ayrimlari o‘z joniga qasd qilgan.

10 noyabr kuni Ostonadagi Vazirlar uyi yonida turli vaqtlarda armiyada halok bo‘lgan va jarohat olgan harbiy xizmatchilar onalarining mitingi bo‘lib o‘tdi. Ular mamlakat rahbariyatiga harbiy xizmat tizimini isloh qilish va askarlar xavfsizligini yaxshilashni talab qilib murojaat qilishdi. Bunga javoban Mudofaa vazirligi shaxsiy tarkib xavfsizligiga katta e’tibor berilishini ta’kidladi.

Namoyishchilar shuningdek, Mudofaa vaziri Dauren Kosanov bilan uchrashishni so‘rashdi, ammo u onalarga peshvoz chiqmadi. Keyinchalik, jurnalistlar bilan suhbatda Kosanov barcha onalarning shikoyatlari «o‘tgan yillardagi voqealar» bilan bog‘liqligini aytdi, hozirda armiyada shunga o‘xshash narsa sodir bo‘lmayotgani, hech qanday «dedovshina» yo‘qligini ta’kidladi.

28 noyabr kuni jurnalistlar Lukpan Ahmedyarov va Raul Uporov o‘zlarining YouTubedagi «Prosto jurnalistika» kanalida halok bo‘lgan askarlar haqida hikoya qiluvchi «Vatan qarzi» nomli hujjatli filmni namoyish etishdi.

«Bu film jiddiy muammoni ko‘taradi, afsuski, hokimiyat tepasidagilar bunga ko‘z yumgan ko‘rinadi», — deydi mualliflar.

Lukpan Ahmedyarov o‘zining Facebookdagi (RFda ekstremistik deb tan olingan va taqiqlangan Meta korporatsiyasiga tegishli tarmoq) sahifasida film namoyishidan bir necha kun oldin unga hozirda «Mudofaa vazirligi tizimida» ishlayotgan sobiq o‘quvchi qo‘ng‘iroq qilganini va u «vazirlikdagi katta amaldor» armiya mavzusini qo‘zg‘atmaslikni so‘raganini xabar qilgan. Ushbu postdan so‘ng, Ahmedyarovning Facebookdagi akkaunti o‘chirildi.