Dastlabki uch chorakda Rossiyaga Oʻzbekistondan 1,5 milliondan ortiq mehnat migranti kirib keldi

Foto: Oleg Yelkov/TASS

Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida Rossiyaga ishlash maqsadida 1,5 milliondan ziyod Oʻzbekiston fuqarosi kirib kelgan. Rasmiy statistika maʼlumotlariga tayanib TASS xabar berishicha, Markaziy Osiyo respublikasi mazkur koʻrsatkich boʻyicha yetakchilik qilmoqda.

Agentlikning aniqlik kiritishicha, dastlabki uch chorak davomida tashrif maqsadi sifatida «ishlash»ni koʻrsatgan 1 535 026 nafar oʻzbekistonlik RF chegarasini kesib oʻtgan.

Umuman olganda, fuqarolari Rossiyaga pul ishlash uchun eng faol borayotgan davlatlarning kuchli beshligidan bir yoʻla Markaziy Osiyoning toʻrtta respublikasi oʻrin olgan. Jumladan, ikkinchi va uchinchi pogʻonalarni Tojikiston hamda Qirgʻiziston egallagan. Hisobot davrida ushbu mamlakatlardan tegishlicha 665 892 va 289 061 nafar mehnat migranti kirgan.

Keyingi oʻrinda 176 037 kishilik koʻrsatkich bilan Qozogʻiston qayd etilgan. Kuchli beshlikni 2026 yilning toʻqqiz oyida RFga ishlash uchun 127 176 nafar fuqarosi kelgan Xitoy yakunlaydi.

Yana bir postsovet respublikasi — Turkmanistonga ham birinchi oʻnlikdan joy topildi.

RFga ishlash maqsadida kelgan migrantlar soni boʻyicha oltinchidan oʻninchigacha boʻlgan oʻrinlarni egallagan davlatlar roʻyxati quyidagicha koʻrinish olgan:

✅ Armaniston — 111 235 kishi;

✅ Ozarbayjon — 83 991;

✅ Hindiston — 38 816;

✅ Turkmaniston — 19 038;

✅ Turkiya — 12 873 nafar fuqaro.

TASS axborotiga koʻra, oʻxshash manzara oʻtgan yili ham kuzatilgan. Oʻshanda ham Oʻzbekiston yetakchi boʻlgan, biroq 2025 yilning yanvar-sentyabrida mazkur mamlakatdan Rossiya Federatsiyasiga qariyb 1,8 mln migrant kirib kelgan. Yaʼni joriy yilning mos davrida ularning safi 236 mingdan koʻproq kishiga yoki 13 foizga qisqargan.

Bundan oldin Rossiya Ichki ishlar vazirligi rahbari Vladimir Kolokoltsev 2026 yilning dastlabki uch choragida mamlakatga 7,5 mln nafar xorijlik kirganini, bu 2025 yilning shu davriga nisbatan 10 foizga kamligini maʼlum qilgan edi.

Mulozim oʻshanda 1 oktyabr holatiga koʻra RFda boshqa davlatlarning qariyb 6,5 mln vakili boʻlib turganini, ularning taxminan 50 foizi rasman mehnat faoliyati bilan bandligini qoʻshimcha qilgandi.

  • O‘nlab qozog‘istonliklar Rossiyaga ishlash uchun ketishgan, ammo u yerda urushga jalb etilgan

  • 150 dan ortiq huquq himoyachilari, faollar va jurnalistlar Yuliya Yemelyanova va Mansur Movlayevni Rossiyaga ekstraditsiya qilishga qarshi bayonotni imzoladilar

  • Qozog‘iston sun’iy intellekt poygasida AQSH va Xitoy o‘rtasida qanday muvozanat saqlamoqda

  • Muhim minerallar, sun’iy intellekt — «Markaziy Osiyo — Koreya» formatidagi uchrashuvda yana nimalar muhokama qilindi?