«Chegara bilmas muxbirlar» qozogʻistonlik jurnalist Vadim Boreykoga chiqarilgan sud hukmini qoraladi

Vadim Boreyko. x.com saytidan olingan surat

«Chegara bilmas muxbirlar» (RSF) xalqaro inson huquqlari tashkiloti qozogʻistonlik jurnalist Vadim Boreyko zimmasiga Etude-Ybyrai qurilish kompaniyasi foydasiga 43 million tenge (taxminan 97 ming dollar) toʻlash majburiyatini yuklagan sud qarorini qoraladi. Bu haqda RSF bayonotida aytiladi.

«RSF ushbu asossiz qarorni qoralaydi va uni bekor qilishga chaqiradi», — deyiladi xabarda. Shuningdek, tashkilot jurnalist botlar ishtirokidagi onlayn taʼqibga uchrayotganini taʼkidlagan.

Etude-Ybyrai daʼvosi boʻyicha qaror 13 noyabr kuni eʼlon qilindi. Kompaniya Boreykodan Olmaotaning 12-kichik tumanidagi Premier turar joy majmuasi qurilishi haqidagi materiallari sababli 71,75 million tenge (taxminan 160 ming dollar) undirishni talab qilgan edi. Quruvchi firma jurnalist yolgʻon maʼlumotlar tarqatgan, kompaniyaning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazgan va moliyaviy zarar keltirgan deb daʼvo qilgan. Shuningdek, daʼvogar nashrlarni oʻchirib tashlashni va qator fikrlarni rad etishni talab etgan.

Boreykoning himoyachilari u quruvchi hamda mahalliy aholi oʻrtasidagi nizoni yoritib, kasbiy vazifasini bajarganini taʼkidlagan. Advokatlarning soʻzlariga koʻra, jurnalist davlat idoralari vakillari, jumladan qurilishning noqonuniyligi haqida gapirgan Olmaotaning sobiq hokimi Yerbolat Dosayevning ommaviy bayonotlaridan iqtibos keltirgan.

Iqtisodiy ekspertiza daʼvogarga yetkazilgan zararni taxminan 43 million tengega baholadi. Surishtiruv davomida ushbu summani Premier TJMni targʻib qilish bilan shugʻullangan Everest Development kompaniyasi Etude-Ybyrai'ga toʻlov uchun taqdim etgani maʼlum boʻldi. Ushbu kompaniya Boreykoning chiqishlari sababli quruvchidan shartnomaviy jarima toʻlashni talab qilgan.

Jurnalist himoyasi mazkur xarajatlarni undan undirish qanchalik asosli ekaniga shubha bildirdi. Boreykoning oʻzi esa sudda kompaniya undan «oʻch olayotganini» maʼlum qildi.

Sud hukmi eʼlon qilinishi arafasida jurnalist axborot hujumi nishoniga aylandi. Telegram tarmogʻida Boreykoning soxta nekrologi tarqatilib, goʻyoki oʻtkaziladigan dafn marosimi manzili sifatida uning uyi koʻrsatilgan. Marosim esa 13 noyabrga — jurnalistning tugʻilgan kuniga tayinlangan edi. Majlis arafasidagi tunda Boreykoning hamkasblariga nomaʼlum raqamlardan oʻzlarini uning rafiqasi sifatida tanishtirgan nomaʼlum shaxslar qoʻngʻiroq qilib, xuddi shu maʼlumotni yetkazishgan.

Nekrolog tarqatish va qoʻngʻiroqlar ortida kim turgani hamda ularning sud ishiga aloqasi bor-yoʻqligi nomaʼlumligicha qolmoqda.

«Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti ilgari ham Qozogʻiston sudlarining mahalliy jurnalistlarga nisbatan noqonuniy qarorlariga bir necha bor diqqat qaratgan edi. Shu bilan birga, tashkilot tuzgan soʻnggi Jahon matbuot erkinligi reytingida Qozogʻiston bir yil ichida sakkiz pogʻona pastlab, 180 ta davlat orasida 149-oʻrinni egallagan.