O‘zbekistonlik deputatlar eskirgan davlat standartlarini JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi to‘siq deb atadilar

Foto: orf.at saytidan

O‘zbekistonda amalda bo‘lgan davlat standartlarining qariyb yarmi eskirgan yoki xalqaro talablarga javob bermaydi, bu esa mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodira Jonibekova ma’lum qildi, deb yozadi Spot.

Parlament a’zosining so‘zlariga ko‘ra, respublikada 33 mingdan ortiq standart amal qilmoqda va ularning 50 foizga yaqini yangilanishga muhtoj. Texnik jihatdan tartibga solish tizimini xalqaro me’yorlarga muvofiqlashtirish JSTga a’zo bo‘lishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.

«Bu holat Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Zero, texnik jihatdan tartibga solish tizimining xalqaro talablarga to‘liq mos bo‘lishi a’zolikning asosiy shartlaridan biridir», — deya ta’kidladi Jonibekova.

10 noyabrdagi majlisda deputatlar Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Ansabxon Zokirovga parlament so‘rovi yuborishni ma’qulladilar. Mulozimdan tarmoqni isloh qilish, standartlarni yangilash, raqamlashtirish va korrupsiya xavflarini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida tushuntirish berish talab qilindi.

Jonibekova, shuningdek, korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va bartaraf etish ishlari yetarlicha samarali yo‘lga qo‘yilmaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raqamli texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish va texnik tartibga solish tartib-taomillarining shaffofligini oshirish zarur.

ℹ️ O‘zbekiston JSTga kirish uchun arizani 1994 yilda topshirgan bo‘lib, 2005 yil oktyabrida jarayon to‘xtab qolguniga qadar — Andijondagi voqealardan so‘ng — ishchi guruhning uchta uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. Respublika rasmiylari tashkilot talablariga muvofiqlashish uchun o‘z qonunchiligini takomillashtirishda davom etdi va 2017 yilda unga qo‘shilish ishlarini qayta tikladi.

2026 yilda ishchi guruhning ikkita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va ularda O‘zbekiston tomoni 30 dan ziyod hujjat taqdim etib, tashkilotga a’zo mamlakatlarning 400 dan ortiq savollariga javob berdi. Oktyabr oyiga kelib Toshkent 33 ta davlat bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi, muzokaralar ishtirokchilarining baholashicha, tovar va xizmatlar bozoriga kirish shartlarini kelishishdagi umumiy ilgarilash 99 foizga yaqinlashdi.

Noyabr oyi boshida JST ishchi guruhi raisi Sung-Yo Choy Toshkentga tashrif buyurib, a’zo bo‘lish bo‘yicha qolgan masalalarni muhokama qildi. Ular orasida ikki tomonlama bitimlarni yakunlash, qishloq xo‘jaligi subsidiyalarini muvofiqlashtirish, qonunchilikni isloh qilish va majburiyatlarning yakuniy paketini tayyorlash bor. O‘zbekiston muzokaralarni 2026 yil oxirigacha tugatib, tashkilotga 2027 yilda kirishni mo‘ljallamoqda. Aniq sana hozircha belgilanmagan.

ℹ️ JST — mamlakatlar o‘rtasidagi savdo qoidalarini tartibga soluvchi global xalqaro tuzilma. Kelishuvlar zamirida o‘z a’zolariga muayyan savdo huquqlarini kafolatlovchi shartnomalar yotadi. Tashkilotga kirish xorijiy hamkorlar uchun savdo to‘siqlarini kamaytirishni va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni proteksionistik tarzda himoya qilishdan voz kechishni nazarda tutadi.