Oʻzbekiston Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YAIDXP) — my.gov.uz saytida — pensiyaga muddatidan oldin chiqishni rasmiylashtirish uchun arizalarni qabul qilish xizmati ishga tushirildi. Ushbu xizmatdan mutlaqo bepul foydalanish mumkin, deya xabar beradi onlayn platforma matbuot xizmati oʻzining Telegram-kanalida.
YAIDXP vakillari respublika qonunchiligiga muvofiq, pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan va ikkita sababga koʻra: korxona yoki yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati tugatilishi munosabati bilan yoxud xodimlar soni (shtati) qisqarishi oqibatida ishsiz qolgan fuqarolar muddatidan oldin pensiyaga chiqishi mumkinligini eslatib oʻtdi.
Bunday huquqdan kamida 25 yillik ish stajiga ega 58 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan erkaklar, shuningdek, 20 yil va undan ortiq stajga ega 53 yoshdan 55 yoshgacha boʻlgan ayollar foydalanishi mumkin.
Yangi xizmat davlat xizmatlari portalining «Pensiya» boʻlimiga joylashtirilgan. Ariza beruvchilar belgilangan shakldagi soʻrovnomani toʻldirishlari va hujjatlarni: mehnat shartnomasi bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi buyruq hamda mehnat daftarchasi nusxasini (agar fuqaroning elektron mehnat daftarchasi boʻlmasa) ilova qilishlari kerak.
Shundan soʻng bandlik boʻlimi xodimi kelib tushgan maʼlumotlarni ikki ish kuni ichida tekshirib, bazadagi maʼlumotlar bilan solishtiradi. Agar maʼlumotlar haqiqatga toʻgʻri kelsa, ariza beruvchi ish qidiruvchi shaxs sifatida hisobga qoʻyiladi.
Bandlik boʻlimiga maʼqul keladigan boʻsh ish oʻrnini topish uchun uch oy vaqt beriladi. Va faqat belgilangan muddat ichida mutaxassislar yangi ish topib bera olmasagina, fuqaro haqidagi maʼlumotlar Pensiya jamgʻarmasiga taqdim etiladi va jamgʻarma muddatidan oldin pensiyaga chiqishni rasmiylashtiradi.
Qoʻshimcha qilish joizki, muddatidan oldin pensiyaga chiqish tartibi Oʻzbekiston hukumati tomonidan joriy yilning 28 sentabrida tasdiqlangan edi.
Bunda yoshga doir pensiya proaktiv shaklda, yaʼni biron-bir ariza topshirish zaruratisiz tayinlanadi.
ℹ️ Oʻzbekistonliklar erkaklar uchun 60 yosh, ayollar uchun 55 yoshga toʻlganda, tegishli ravishda kamida 25 yil va 20 yillik minimal mehnat stajiga ega boʻlgan taqdirda munosib dam olishga chiqadilar. Pensiya davlat tomonidan kafolatlanadi hamda ish staji va sugʻurta badallari toʻlanganligi toʻgʻrisidagi tasdiqlangan maʼlumotlar asosida rasmiylashtiriladi.
Ayni paytda rasmiylar pensiya yoshini oshirish boʻyicha gʻoyalarni bir necha yildan buyon muhokama qilib kelmoqda. Xususan, respublika Moliya vazirligi islohotni bosqichma-bosqich amalga oshirishni — 2028 yildan boshlab har yili koʻrsatkichni uch oyga oshirib borishni taklif qilmoqda. Shu tariqa, 2039 yilga borib yangi doimiy meʼyorga erishiladi: erkaklar uchun 63 yosh va ayollar uchun 58 yosh.
Vazirlikda qoʻshimcha qilishlaricha, tashabbus demografik oʻzgarishlar bilan bogʻliq. Chunki soʻnggi 20 yildan ziyod vaqt ichida kutilayotgan oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 67,9 yoshdan 75,4 yoshga yetdi. Agar 2025 yilda pensionerlar mamlakat aholisining 12,5 foizini tashkil etgan boʻlsa, 2040 yilga borib ularning ulushi 15 foizga yetishi mumkin.



