Qozogʻistonda doʻkon va qahvaxonalardagi kameralar MXQ nazoratidagi yagona tizimga ulanadi

Foto: inform.kz saytidan

Qozogʻistonda Milliy videomonitoring tizimi (MVMT) faoliyatiga oid qoidalar yangilandi — oʻzgarishlar kameralarni tizimga ulash tartibi, yozuvlarni saqlash muddatlari va ularni davlat organlariga taqdim etishga taalluqlidir, deb xabar beradi KazInform.

Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (MXQ) raisining tegishli buyrugʻi 2026 yil 28 oktabrda imzolangan boʻlib, yangi qoidalar 2027 yil 3 yanvardan kuchga kiradi. Unga koʻra, majburiy tarzda ulanishi lozim boʻlgan kameralar yagona monitoring tarmogʻiga birlashtiriladi. Ushbu toifalar «Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida»gi qonunning 30-1-moddasi 3-bandida sanab oʻtilgan va quyidagi videokuzatuv tizimlarini oʻz ichiga oladi:

👉 markaziy davlat va mahalliy ijro etuvchi organlarning;

👉 terrorchilik harakatiga nisbatan zaif obyektlarning;

👉 jamoat va yoʻl harakati xavfsizligi tizimlarining;

👉 mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, jamoat joylarida, fuqarolar ommaviy boʻladigan joylarda va aholi erkin kirishi mumkin boʻlgan obyektlarda oʻrnatilgan videokuzatuv tizimlari.

Shu tariqa, majburiy ulanish xususan doʻkonlar, qahvaxonalar va boshqa jamoat joylaridagi kameralarga ham taalluqli boʻladi. Bunda videokuzatuv tizimlarining egalari ham jismoniy, ham yuridik shaxslar boʻlishi mumkin.

Qoidalarda tizimga ixtiyoriy ravishda ulanish imkoniyati ham koʻzda tutilgan — buning uchun MVMT muvofiqlashtiruvchisiga tegishli ariza topshirish lozim.

Digital Business nashrining yozishicha, hokimliklar har yili ulanish jadvallarini tuzib, birinchi chorak yakuniga qadar tizim muvofiqlashtiruvchisiga yuboradi. U jadvallarni 1 maydan kechiktirmay tasdiqlashi shart. Shundan soʻng hokimliklar kamera egalariga bildirishnomalar yuborishni boshlaydi. Bunday bildirishnoma olingan paytdan boshlab tizimga ulanish uchun koʻpi bilan olti oy vaqt beriladi.

Texnik talablar bajarilgach, egasi tizim operatoriga ariza beradi. Operator 10 ish kuni ichida kameralarning ST RK 4044 standartiga muvofiqligini tekshiradi. Agar barchasi joyida boʻlsa, ruxsatnoma beriladi va ulanish amalga oshiriladi. Agar qoidabuzarliklar aniqlansa, mulkdorga ularni bartaraf etish uchun 60 taqvim kuni beriladi. Soʻngra uskunani qayta tekshiruvga topshirish mumkin boʻladi.

Operator, shuningdek, kamera egasi tomonida qoʻshimcha uskunalar ham oʻrnatishi mumkin. Qaror qurilmalar soni, aloqa kanallarining oʻtkazuvchanlik qobiliyati va tizimning texnik imkoniyatlaridan kelib chiqib qabul qilinadi. Yagona tizimga ulangandan soʻng kameralar haqidagi maʼlumotlar maxsus reyestrga kiritiladi.

Videoyozuvlar qancha muddat saqlanadi

Videoyozuvlar va metamaʼlumotlarni saqlash muddati 30 kunni tashkil etadi. Jamoat tartibini buzish alomatlari mavjud boʻlgan hodisalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar 12 oy davomida saqlanadi.

Qoidalarda videooqimni avtomatik ravishda qayta ishlash va tahlil qilish imkonini beruvchi videoanalitikani qoʻllash ham nazarda tutilgan.

Ushbu texnologiya yordamida insonlar shaxsini aniqlash faqat MVMT platformasida hamda mutlaqo milliy xavfsizlik va jamoat tartibini taʼminlash maqsadlaridagina yoʻl qoʻyiladi, deyiladi xabarda.

Videoyozuvlardan kimlar foydalana oladi

Hujjatda davlat organlariga maʼlumotlarni taqdim etish tartibi alohida belgilab qoʻyilgan.

Qozogʻiston qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda davlat organlari muvofiqlashtiruvchiga raqamli tashuvchini ilova qilgan holda soʻrov yuborishi lozim. U 10 ish kuni ichida maʼlumotlarni uzatish uchun qonuniy asoslar mavjudligini tekshiradi.

Agar asoslar mavjud boʻlsa, soʻrov maʼlumotlarni taqdim etish uchun operatorga yuboriladi. Aks holda, muvofiqlashtiruvchi asoslantirilgan rad javobini yuborishga majburdir.

MVMT operatori tizimning tunu kun ishlashi, maʼlumotlar xavfsizligi va texnik xizmat koʻrsatish uchun javobgar boʻladi. Bundan tashqari, u Kiberxavfsizlik milliy muvofiqlashtiruvchi markazi bilan hamkorlik qilishi va aniqlangan insidentlar haqida unga tezkor maʼlumot berib turishi shart.

Administrator esa foydalanuvchilarning kirish huquqlarini boshqaradi, infratuzilmaning uzluksiz ishlashini taʼminlaydi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etilishini nazorat qiladi.

ℹ️ Qozogʻistonda Milliy videomonitoring tizimi 2020 yildan buyon ishlab kelmoqda. U tasvirlar, metamaʼlumotlar va insidentlar haqidagi raqamli yozuvlarni toʻplash, qayta ishlash hamda saqlashga moʻljallangan. Tizim faoliyatini milliy xavfsizlik organlari muvofiqlashtiradi, operator sifatida «Kazaxtelekom» AJ faoliyat koʻrsatadi, administrator esa Davlat texnik xizmati hisoblanadi.

Tizimdan maxsus va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari foydalanishi mumkin.

Qozogʻiston rasmiylari Milliy videomonitoring tizimini joriy etish zaruratini milliy va jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilik hamda terroristik xavflarning oldini olish bilan izohlagandi. Ammo huquq himoyachilari va ekspertlar yuzni tanish hamda keng qamrovli videokuzatuv tizimi fuqarolarni yoppasiga kuzatish quroliga aylanib, nafaqat jinoyatlarni fosh etish, balki taʼqiblar uchun ham qoʻllanishi mumkinligi haqida avval ham bir necha bor ogohlantirgan edi. Shuningdek, ular shaxsiy hayotga aralashuv, shaxsiy maʼlumotlarning sizib chiqishi va axborotdan foydalanish ustidan shaffof nazorat mexanizmlari mavjud emasligi xavfini koʻrsatib oʻtishgan.

  • O‘nlab qozog‘istonliklar Rossiyaga ishlash uchun ketishgan, ammo u yerda urushga jalb etilgan

  • 150 dan ortiq huquq himoyachilari, faollar va jurnalistlar Yuliya Yemelyanova va Mansur Movlayevni Rossiyaga ekstraditsiya qilishga qarshi bayonotni imzoladilar

  • Qozog‘iston sun’iy intellekt poygasida AQSH va Xitoy o‘rtasida qanday muvozanat saqlamoqda

  • Muhim minerallar, sun’iy intellekt — «Markaziy Osiyo — Koreya» formatidagi uchrashuvda yana nimalar muhokama qilindi?