Qozog‘iston politsiyasi Perauashev haqida soxta ma’lumot tarqatgan sayt-klonlar egalarini aniqlamoqda

Feyk saytdan skrinshot

Qozog‘iston politsiyasi «Ak jol» partiyasining sobiq raisi Azat Perauashev haqida soxta material e’lon qilingan Exclusive.kz saytining klon-saytlari egalarini aniqlamoqda. Bu haqda Qozog‘iston parlamenti — Qurultoydagi brifingda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Sanjar Adilov ma’lum qildi, deb xabar beradi KazTAG.

Adilovning so‘zlariga ko‘ra, 28 sentyabr kuni qasddan yolg‘on ma’lumot tarqatish fakti bo‘yicha sudga qadar tergov harakatlari boshlangan. Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘linmalari saytlar egalari va ishga aloqador boshqa shaxslarni aniqlamoqda.

Bir nechta maxsus sud ekspertizasi va sud-texnologik ekspertizalari tayinlangan.

Avvalroq Exclusive.kz nashri uning bosh sahifasini deyarli to‘liq ko‘chirib olgan uchta sayt-klon paydo bo‘lganini xabar qilgan edi. Ularning har birida Perauashev haqida nashr tahririyati tayyorlamagan va e’lon qilmagan soxta material joylashtirilgan.

Keyinchalik «Vlast» nashrida ham shunga o‘xshash sayt-klon paydo bo‘lgan. Unda ham Perauashev haqida soxta maqola e’lon qilingan, qolgan havolalar esa OAVning haqiqiy saytiga olib borgan.

Siyosatchining o‘zi 22 sentyabr kechqurunidan boshlab unga soxta nashrlarga havolalar ommaviy ravishda yuborila boshlaganini aytdi. Perauashevning so‘zlariga ko‘ra, u 20 dan ortiq noma’lum raqamdan xabarlar olgan. Keyinchalik shunga o‘xshash xabarlar «Ak jol» Demokratik partiyasining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalariga ham kela boshlagan. Perauashev va partiya Ichki ishlar vazirligiga ariza topshirgan.

Qozog‘istonda bunday axborot hujumlari birinchi marta qo‘llanilayotgani yo‘q, ammo avvallari ularning asosiy nishonlari, odatda, muxolifatchi jurnalistlar va fuqarolik faollari bo‘lgan.