O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov FIDE Excellence Awards yangi mukofotining Best Chess Player — Male («Eng yaxshi shaxmatchi») nominatsiyasida birinchi sovrindor bo‘ldi. Taqdirlash marosimi Samarqandda 46-jahon shaxmat olimpiadasi doirasida bo‘lib o‘tdi.
FIDE Excellence Awards mukofotini 2026 yili ta’sis etdi. Mukofot har ikki yilda bir marta beriladi va shaxmat olimpiadasi sikli davomidagi natijalar hisobga olinadi. Birinchi mukofot 2024 yil sentyabridan 2026 yil avgustigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi.
Sindorov to‘qqiz nafar da’vogarni ortda qoldirdi. Undan tashqari, qisqa ro‘yxatdan uning hamyurti Nodirbek Abdusattorov, Fabiano Karuana, Magnus Karlsen, Arjun Erigaysi, Alireza Firuzja, Anish Giri, Gukesh Dommaraju, Vinsent Keymer va Rameshbabu Pragnanandxa o‘rin olgan.
G‘olibni tanlashda klassik shaxmat, rapid va blitsdagi natijalar, reyting dinamikasi hamda shaxmatchining ikki yillik davr mobaynidagi yutuqlari hisobga olindi.
Sindorovning asosiy yutuqlaridan biri 2025 yilda Hindistonning Goa shahrida o‘tkazilgan FIDE Jahon kubogidagi g‘alabasi bo‘ldi. 19 yoshida o‘zbekistonlik shaxmatchi turnir tarixidagi eng yosh g‘olibga aylandi va Da’vogarlar turnirida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
2026 yil bahorida Sindorov Kiprda o‘tkazilgan Da’vogarlar turnirida ham g‘olib bo‘ldi. U musobaqa tugashiga bir tur qolgandayoq birinchi o‘rinni kafolatladi. Sindorov turnirni mag‘lubiyatsiz yakunlab, 14 partiyadan 10 ochko to‘pladi — bu Da’vogarlar turnirining zamonaviy formatidagi rekord natija hisoblanadi. Shundan so‘ng o‘zbekistonlik shaxmatchi jahon reytingida to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Da’vogarlar turniridagi g‘alaba Sindorovga amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan shaxmat bo‘yicha jahon toji uchun bahslashish huquqini berdi.
Shu bilan birga, jahon reytingini ko‘p yillar davomida boshqarib kelgan Magnus Karlsen avvalroq klassik shaxmat bo‘yicha jahon chempionligi siklida ishtirok etishdan bosh tortgan edi. 2022 yilda norvegiyalik shaxmatchi 2013 yildan buyon egallab kelgan jahon chempioni unvonini himoya qilmaslikka qaror qildi.



