Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2015 yilning yanvaridan buyon ilk bor Saudiya Arabistoni ustidan g‘alaba qozondi. 17 noyabr kuni Qatarning Ar-Rayyan shahridagi «Jassim bin Hamad» stadionida bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvi 2:1 hisobida yakunlandi. O‘zbekiston jamoasining har ikkala to‘pini «Buxoro» yarim himoyachisi Sherzod Esanov kiritdi.
19-daqiqada Esanov raqib darvozabonining to‘pni o‘yinga kiritishdagi xatosidan unumli foydalanib, to‘pni egallab oldi va hisobni ochdi. To‘rt daqiqa o‘tib, Firas al-Buraykan qanotdan oshirilgan to‘pni bosh bilan darvozaga yo‘llab, muvozanatni tikladi. Biroq 35-daqiqada jarima zarbasi amalga oshirilgach, Esanov Behruz Karimovning uzatmasini golga aylantirib, O‘zbekistonni yana oldinga olib chiqdi.
Tanaffus arafasida Husayn Norchayev saudiyaliklar darvozasiga uchinchi to‘pni kiritgan edi, biroq hakam ofsayd tufayli golni bekor qildi. 50-daqiqada Saudiya Arabistoni kamchilik bo‘lib qoldi: zaxiradan maydonga tushgan Ali Lajami Abbosbek Fayzullayevga qarshi ishlatilgan qo‘polligi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka oldi. O‘zbekistonlik yarim himoyachi bahsni davom ettira olmadi va almashtirildi. Son jihatdan ustunlikka ega bo‘lishiga qaramay, Fabio Kannavaro shogirdlari boshqa gol ura olmadi va g‘alabali hisobni saqlab qoldi.
O‘zbekiston oxirgi marta Saudiya Arabistonini 2015 yil 18 yanvarda Avstraliyada o‘tgan Osiyo kubogining guruh bosqichida mag‘lub etgan edi. O‘shanda uchrashuv 3:1 hisobida yakunlangan, Sardor Rashidov esa dubl qayd etgandi. Shundan so‘ng terma jamoalar Jahon chempionati — 2022 saralash musobaqasida ikki bor to‘qnash kelgan bo‘lib, ikkala bahsda ham saudiyaliklar g‘alaba qozongan: 2019 yil noyabrda Toshkentda 3:2 va 2021 yil iyunda 3:0 hisobi qayd etilgandi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Saudiya Arabistoni ustidan qozonilgan g‘alaba bilan noyabr oyidagi o‘rtoqlik uchrashuvlari turkumini yakunladi. Besh kun oldin Kannavaro shogirdlari o‘z maydonida Rossiyaga 2:3 hisobida imkoniyatni boy bergan, vaholanki, ikkinchi bo‘lim avvaligacha 2:0 hisobida oldinda borayotgan edi.
Saudiya Arabistoni ustidan qozonilgan g‘alabaga qaramay, Fabio Kannavaro boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasining statistikasi hozircha italiyalik mutaxassis foydasiga emas. 16 ta uchrashuvda jamoa oltita g‘alabaga erishdi, ikki bor durang o‘ynadi va sakkiz marta mag‘lubiyatga uchradi. To‘plar nisbati — 22:26.



