Ayni kunlarda Samarqandda Jahon shaxmat olimpiadasi bo‘lib o‘tmoqda. Shu bilan birga, Xalqaro shaxmat federatsiyasi yangi prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ovoz berish 26 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. «Farg‘ona» nashri o‘zbek shaxmatining fenomeni, Javohir Sindarov va Kirsan Ilyumjinov davri haqida Yevropa shaxmat ittifoqi (ECU) prezidenti, gruzin grossmeysteri Zurab Azmayparashvili bilan suhbatlashdi.
— Samarqand sizda qanday taassurot qoldirdi? Shaharni ko‘rishga ulgurdingizmi?
— Men Samarqandni tomosha qilishni juda xohlardim, ammo hozircha buning imkoni bo‘lmadi. Jadval juda tig‘iz. Bu dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri va shu bilan birga, kelajagi juda porloq shahar. Bu yerdan ketgunimizga qadar hech bo‘lmasa kichik bir ekskursiyaga chiqishni juda istayman. Afsuski, hozircha buning uddasidan chiqa olmadim. Hatto rafiqam ham: «Qachon boramiz?» deb so‘rayapti.
— So‘nggi yillarda O‘zbekiston shaxmatda juda katta o‘sishga erishdi. Birdaniga shuncha yuqori darajadagi yosh shaxmatchilar qayerdan paydo bo‘ldi?
— Menimcha, bularning barchasiga ancha oldin asos solingan. 1992 yilgi Olimpiadani juda yaxshi eslayman. O‘sha paytda deyarli hech kimga tanish bo‘lmagan O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi o‘rinni egallagan edi. Agar o‘sha poydevor bo‘lmaganida, bugungi natija ham bo‘lmasdi. Bu poydevorni murabbiylar, shaxmat dasturlari yaratdi, keyin esa davlat tomonidan shaxmatga katta e’tibor qaratildi. O‘zbekiston hukumati shaxmatga ko‘rsatayotgan e’tiborni juda qadrlayman. Albatta, shaxmat sohasidagi insonlarning — murabbiylar, ustozlar, ayniqsa bolalar bilan ishlaydigan mutaxassislarning ham mehnati juda katta.
— O‘zingiz hozirgi o‘zbek shaxmatchilari avlodini anchadan beri kuzatib kelasizmi?
— Masalan, Sindarovda men juda oldin deyarli bo‘lajak jahon chempionini ko‘rganman. Keyin uni doimo kuzatib bordim. U kichikligida men bilan blis o‘ynaganini eslayman, o‘shanda taxminan 11 yoshlarda edi. Debyutda u menga figurasini ancha tez boy berdi, men xotirjamlashdim — «tamom, figurani yutdim», deb o‘yladim. Keyin esa uni yengish uchun jiddiy kurashishimga to‘g‘ri keldi. Partiyadan keyin qarasam, bola chindan ham yig‘layapti. «Voy, u kim bilan o‘ynayotganini tushunadi-ku», deb o‘yladim. Ammo mening yodimda aynan shu holat qoldi: agar bola mag‘lubiyatni shunchalik og‘ir qabul qilsa, demak, uning ichida ulkan energiya, mustahkam iroda bor.
— 23 yil davomida FIDEga rahbarlik qilgan Kirsan Ilyumjinov o‘zbek va jahon shaxmatining rivojida qanchalik katta rol o‘ynadi?
— Juda katta. Kirsan Nikolayevich FIDEni amalda juda og‘ir ahvolda qabul qilib oldi: shaxmat olami bo‘linib ketgan, parallel jahon chempionatlari mavjud edi, doimiy bahslar davom etardi. Unga amalda ishlamayotgan mexanizm meros bo‘lib qoldi, shunga qaramay, u tashkilot faoliyatini jonlantirishga, shaxmatga katta mablag‘ jalb qilishga, jumladan, o‘z mablag‘larini sarflashga muvaffaq bo‘ldi. Prezidentni umuman u qanday holatda tashkilotni qabul qilib olgani va o‘zidan keyin nimani qoldirgani bilan baholash kerak.
— Siz asosiy yutuqlardan biri sifatida jahon chempioni unvonining birlashtirilishini hisoblaysizmi?
— Albatta. Biror narsani besh daqiqada bo‘lib tashlash mumkin, ammo keyin uni birlashtirish uchun yillar kerak bo‘ladi. Jahon chempionatlarining parallel yo‘nalishlarini hamma eslaydi. Kirsan Topalov — Kramnik birlashtiruvchi matchigacha bo‘lgan jarayonni oxiriga yetkazishga muvaffaq bo‘ldi. Shundan so‘ng yana yagona jahon chempioni unvoni paydo bo‘ldi. Bu ulkan mehnat. Albatta, 23 yil davomida xatolar ham bo‘lgan — kim xato qilmaydi deysiz? Ammo umuman olganda, uning hissasini juda yuqori baholayman.
Ilyumjinovga nisbatan sanksiyalar joriy etilganidan so‘ng uning o‘zi uchun ham, barchamiz uchun ham juda og‘ir davr boshlandi. Mening eslashimcha, u deyarli darhol vakolatlarini chekladi. Bundan tashqari, shaxsan men shundan keyin uni birorta yirik shaxmat tadbirida ko‘rmadim. Menimcha, u o‘zining paydo bo‘lishi turli institutlar tomonidan noto‘g‘ri qabul qilinishi mumkinligini, buning oqibatida shaxmat zarar ko‘rishi mumkinligini tushungan. Ya’ni o‘sha paytda u shaxmatni asragan.
— Siz shaxmat olamini birlashtirish qanchalik qiyinligi haqida gapiryapsiz. Magnus Karlsen bilan bog‘liq voqea esa teskari yo‘nalishdagi harakatmidi?
— Yo‘q, bu mutlaqo boshqa masala. Menimcha, Magnus deyarli barcha narsaga erishdi va motivatsiyasini yo‘qotdi. Juda uzoq vaqt davomida musobaqalarda qatnashib, deyarli hech kim seni mag‘lub eta olmasa, bu insonga ta’sir qila boshlaydi. Bu Kasparov — Karpov holati emas, o‘shanda bir-birini doimo oldinga undab turgan ikki buyuk shaxmatchi bor edi. Magnusda bunday raqib paydo bo‘lmadi. Balki u shunchaki charchagandir. Oxir-oqibat, inson ba’zan o‘z hayoti bilan ham yashagisi keladi.
— Agar FIDEga hanuz Ilyumjinov rahbarlik qilganida, u Karlsenni jahon chempionligi siklida qoldirishga muvaffaq bo‘larmidi?
— Murakkab va qiziq savol, bu haqda avval o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Uddalay olarmidi yoki yo‘qmi — aytish qiyin, chunki Magnus o‘ziga xos inson: agar u qaror qabul qilsa, uni fikridan qaytarish qiyin. Ammo menimcha, Kirsan Karlsen chempionlik siklida qolishi uchun juda qattiq harakat qilgan va barcha imkoniyatlarni ishga solgan bo‘lardi.
Zurab Azmayparashvili — 1988 yildan buyon xalqaro grossmeyster, 2003 yil Yevropa chempioni. U Garri Kasparovning murabbiyi va sekundanti bo‘lib ishlagan, Judit Polgar, Eten Bakro va Teymur Rajabov bilan ham hamkorlik qilgan. FIDE vitse-prezidenti bo‘lgan, Gruziya sport va yoshlar ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2014 yildan buyon Yevropa shaxmat ittifoqiga rahbarlik qiladi.



