Qozog‘iston harbiylari Kaspiy dengizidagi mashg‘ulotlar vaqtida dengizga oqib ketdi — 9 nafar halok bo‘lgan harbiyning jasadi topildi

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati fotosurati

Mangistau viloyatida Qozog‘iston Harbiy-dengiz kuchlarining mashg‘ulotlari vaqtida bir guruh harbiy xizmatchilarni dengiz oqizib ketgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qqiz kishi halok bo‘lgan. Bu haqda respublika Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Hodisa 24 sentyabr kuni Kaspiy dengizi sohilida o‘quv-jangovar vazifani bajarish vaqtida sodir bo‘lgan. Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, favqulodda hodisaga ob-havoning keskin yomonlashuvi va shamolning kuchayishi sabab bo‘lgan.

Jami 19 nafar harbiy xizmatchi dengizga oqib ketgan. Uch nafarini qutqarishga muvaffaq bo‘lingan, ulardan biri kasalxonaga yotqizilgan. Qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda.

Qidiruv-qutqaruv operatsiyasida Harbiy-dengiz kuchlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bo‘linmalari, aviatsiya va boshqa xizmatlar ishtirok etmoqda.

Hodisa tafsilotlarini aniqlash va qidiruv operatsiyasini muvofiqlashtirish uchun Mudofaa vazirligi komissiyasi aviatsiya general-leytenanti, vazir Dauren Qosanov boshchiligida Mangistau viloyatiga yo‘l oldi.

Mudofaa vazirligi halok bo‘lganlarning qarindoshlari va yaqinlariga ta’ziya bildirgan hamda harbiy xizmatchilarning oilalariga zarur yordam ko‘rsatilishini ma’lum qilgan.

Respublika Bosh prokuraturasi harbiy xizmatchilarning halok bo‘lishi fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani va tezkor-tergov guruhi tuzilganini xabar qildi.

Qozog‘istonning Kaspiy dengizidagi sektorida «Xazar qorg‘ani-2026» mashg‘ulotlari 22 sentyabr kuni boshlangan. Xabarlarga ko‘ra, ularda 500 dan ortiq Harbiy-dengiz kuchlari harbiy xizmatchilari, jangovar kemalar ekipajlari, sohil bo‘linmalari, shuningdek, Qirg‘oq qo‘riqlash va havo mudofaasi kuchlari ishtirok etgan.

Shunga o‘xshash hodisa 2015 yilda ham sodir bo‘lgandi: Kaspiy dengizidagi mashg‘ulotlar vaqtida to‘rtta BTR-80 cho‘kib ketgan va to‘rt nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. Tergov natijalariga ko‘ra, bir nechta ofitser qamoq jazosiga hukm qilingan.