Afg‘onistonlik velosipedchi Fariba Hoshimiy Nagoyada bo‘lib o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida ayollar o‘rtasidagi guruhli shosse poygasida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Khaama Press nashri aniqlaganiga ko‘ra, u so‘nggi yigirma yildan ortiq vaqt ichida Osiyo o‘yinlarida shohsupaga ko‘tarilgan ilk afg‘onistonlik sportchi bo‘ldi.
23 yoshli sportchi masofani 2 soat 50 daqiqa 5 soniyada bosib o‘tdi. U finishdagi sprintda Xitoy vakili Guo Liga (Li Go) atigi soniyaning ulushlarida yutqazib, ikkinchi o‘rinni egalladi. Oltin medal Guo Liga nasib etgan bo‘lsa, bronza medalni Gonkong vakili Lyung Uin I qo‘lga kiritdi.
Hoshimiy g‘olibga juda yaqin masofada finishga yetib keldi — har ikki sportchi ham bir xil yakuniy natijani qayd etdi. Afg‘oniston uchun ushbu medal 2002 yildan buyon, Osiyo o‘yinlari Pusan shahrida o‘tkazilganidan keyingi ilk ayollar medali bo‘ldi.
Hoshimiy Afg‘onistonning shimolidagi Faryob viloyatida tug‘ilgan va yoshligidan sportda ayollarga nisbatan dushmanona munosabatga duch kelgan: mashg‘ulot o‘tkazish uchun u o‘zini o‘g‘il bola sifatida ko‘rsatishga majbur bo‘lgan, ochiqchasiga velosiped haydashga uringani uchun esa uni va boshqa qizlarni toshbo‘ron qilishga urinishgan. 2021 yilda «Tolibon» harakati mamlakatda hokimiyatga qaytib, ayollarning ta’lim va sportda ishtirok etishiga nisbatan qat’iy cheklovlar joriy etganidan so‘ng, Hoshimiy Afg‘onistonni tark etadi. Uning mamlakatdan chiqib ketishiga velosport bo‘yicha sobiq jahon chempioni, italiyalik Alessandra Kappellotto yordam bergan. Hozir sportchi Italiyada yashaydi va mashg‘ulot o‘tkazadi.
Hoshimiy avval ham Parijdagi Olimpiada o‘yinlarida Afg‘oniston nomidan singlisi Yulduz bilan birga ishtirok etgan. Yulduz, shuningdek, yana bir afg‘onistonlik velosportchi Zahro Rizoiy bilan birga joriy Osiyo o‘yinlarida ham mamlakat delegatsiyasi tarkibida qatnashdi. Sportchi o‘z g‘alabasini «o‘ziga xos bir narsa» deb atab, uni afg‘onistonlik ayollarning matonati ramzi sifatida ko‘rishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uning ortida shunday orzu ilinjida «turli mamlakatlardan millionlab ayollar» turibdi.
20-Osiyo o‘yinlari Yaponiyaning Ayti — Nagoya hududida 45 ta mamlakat va hududdan kelgan sportchilar ishtirokida bo‘lib o‘tmoqda. Afg‘oniston delegatsiyasining erkak sportchilari mamlakatning o‘zidan kelgan bo‘lsa, ayol sportchilar, jumladan, velosportchilar Afg‘onistondan tashqarida bo‘lgan holda milliy jamoaga qo‘shildi — bunga «Tolibon» tomonidan joriy etilgan cheklovlar sabab bo‘lgandi.



