AQSH Davlat departamenti «Tolibon» harakatining Afg‘onistondagi mineral resurslarni o‘zlashtirishga Amerika investitsiyalarini jalb qilish bo‘yicha taklifini rad etdi. Davlat departamenti AQSHda rasman terrorchi tashkiloti sifatida tan olingan harakat bilan hamkorlik qilish niyatida emasligini bildirdi. Bu haqda Davlat departamenti vakili Tommi Pigot ma’lum qildi, deb xabar beradi «Amerika ovozi»ning mintaqaviy xizmati va uning ortidan boshqa mintaqaviy OAVlar ham yozdi.
«AQSH Davlat departamenti Afg‘onistonning strategik ahamiyatga ega muhim mineral resurslarini o‘zlashtirish masalalari bo‘yicha «Tolibon» — alohida maqomdagi global terrorchilik guruhi bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmayapti», — deydi Pigot. AQSH toliblar nazorati ostida mineral resurslarni qazib olishga investitsiya kiritishi mumkinligi haqidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri savolga javob berarkan, u bunday qadam «toliblarga pul berib, ularning Afg‘oniston xalqiga nisbatan dahshatli munosabati uchun sharoit yaratib berishini» qo‘shimcha qildi.
Bu bayonot «Tolibon» harakatining Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiyning taklifiga javob bo‘ldi. U 31 avgust kuni Financial Times nashrida chop etilgan intervyusida Vashingtonni Afg‘onistonning tog‘-kon sanoati, infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi va savdo sohalariga investitsiya kiritishga chaqirgan edi. Muttaqiyning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston Amerika investitsiyalarini «shubhasiz» mamnuniyat bilan qabul qiladi. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarga «ikki o‘n yillik urush prizmasi orqali» baho bermasdan, aksincha, tomonlar kelajakdagi hamkorlikka e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidlagan. Gap AQSH Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, taxminiy qiymati qariyb 1 trillion dollarga yaqin bo‘lgan konlarga ehtimoliy kirish imkoniyati haqida bormoqda. Afg‘onistonda mis, litiy, kamyob yer metallari, kobalt va temir rudasining yirik zaxiralari mavjud.
«Tolibon» 2021 yilda hokimiyatga qaytganidan buyon qiymati 7 milliard dollardan ortiq bo‘lgan tog‘-kon shartnomalarini imzoladi. Biroq, asosiy hamkorlar Xitoy, Eron, Qatar va Turkiya kompaniyalari bo‘ldi — ularning orasida yirik G‘arb investorlari yo‘q.



