Shimkent shahri ixtisoslashtirilgan tumanlararo jinoyat ishlari sudida 21 yoshli Nuray Serikbayning o‘limi bilan bog‘liq jamoatchilik e’tiboridagi ish bo‘yicha hukm chiqarildi. Jinoyatda 28 yoshli Sherxan Aymaxan aybdor deb topilib, unga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda Orda.kz xabar berdi.
Aymaxan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining birdaniga uchta moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi: 125-1-modda («Nikohga majburlash»), 115-1-modda («Stalking») va 99-modda 2-qismi 5-bandi («O‘ta shafqatsizlik bilan sodir etilgan qotillik»).
Umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosidan tashqari, sud Aymaxandan jabrlanuvchilar foydasiga ma’naviy zararni qoplash uchun 25 million tenge (taxminan 54 ming dollar) va moddiy zarar uchun yana 5 million tenge (taxminan 11 ming dollar) undirishga qaror qildi.
Davlat ayblovchisi Madiyar Abilkasimov ham avvalroq suddan Aymaxanga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni so‘ragan edi.
Nuray Serikbay 2026 yil 11 yanvar kuni kechqurun Shimkentda ota-onasining uyi yaqinida o‘ldirilgan. Qotillikda gumon qilingan Sherxan Aymaxan ikki kundan so‘ng shahardan taxminan 10 kilometr uzoqlikda qo‘lga olingan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, erkak avval Nurayga turmush qurishni taklif qilgan, biroq rad javobini olgan. Shundan so‘ng u qizni o‘g‘irlab ketgan. Qarindoshlari Nurayni uyiga qaytarib, politsiyaga murojaat qilgan, ammo ularning arizasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagan. Yaqinlari, shuningdek, Aymaxan uzoq vaqt davomida Nurayni ta’qib qilib kelganini aytgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qotillik sodir etilgan kuni erkak Nurayga 35 marta pichoq urgan, qiz voqea joyida vafot etgan.
Qotillik keng jamoatchilik e’tiborini tortdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Shimkent politsiyasining harakatlarini tekshirishni topshirdi. Shundan so‘ng shahar politsiya departamenti boshlig‘i va uning birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi, bir qator politsiya xodimlariga nisbatan ehtimoliy xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan yondashish fakti bo‘yicha tergov boshlandi.
Fevral oyida tergov ayblovni o‘ta shafqatsizlik bilan sodir etilgan qotillik moddasiga qayta malakaladi. 30 aprel kuni sud-psixiatriya ekspertizasi Aymaxanni aqli raso deb topdi. Yozda ish sudga oshirildi. Nurayning oilasi uchala modda bo‘yicha ayblovlarni saqlab qolishni talab qildi va sudlanuvchiga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishini so‘radi.
Aymaxanning o‘zi aybini tan olmagan. Sud jarayonida u fojia sodir bo‘lgan kuni Nuray go‘yo birinchi bo‘lib unga pichoq bilan zarba berganini, shundan keyin affekt holati tufayli sodir bo‘lgan voqealarni eslay olmasligini ta’kidlagan. Biroq, sudya Samiddin Temiraliyev ushbu versiya bilan sudlanuvchining tergov bosqichida bergan ko‘rsatmalari o‘rtasida ziddiyatlar borligiga e’tibor qaratgan.
Ta’kidlash joiz, jinoyat Qozog‘istonda ayollarni ta’qib qilish va o‘g‘irlash uchun javobgarlik kuchaytirilgan bir paytda sodir etildi. 2025 yilda prezident Qosim-Jomart To‘qayev ta’qib qilish va nikohga majburlash maqsadida odam o‘g‘irlash — «kelin o‘g‘irlash» uchun jinoiy javobgarlikni joriy etuvchi qonunchilikka o‘zgartishlarni imzolagan edi.



