Qozog‘iston TIV rahbari Kaya Kallas bilan KQK orqali neft yetkazib berish istiqbollarini muhokama qildi

gov.kz spyti fotosurati

Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayev va Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas Kaspiy quvurlari konsorsiumi (KQK) orqali energetika resurslarini yetkazib berish istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Telefon orqali muloqot 13 avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Tomonlar energetika sohasidagi hamkorlik masalalari va energetika resurslarini yetkazib berish bo‘yicha xalqaro infratuzilmani, jumladan, KQKni yanada rivojlantirishga e’tibor qaratdi, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Kosherbayev va Kallas ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, shuningdek, bo‘lajak ikki tomonlama va ko‘p tomonlama uchrashuvlar jadvalini muhokama qildi.

Suhbat yakunlari bo‘yicha tomonlar sheriklikni yanada mustahkamlash va istiqbolli sohalarda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.

So‘nggi haftalarda Kosherbayev yevropalik hamkasblari bilan muzokaralarda KQK mavzusini bir necha bor ko‘targan. 8 avgust kuni u Gretsiya Tashqi ishlar vaziri Georgios Gerapetritis bilan KQK atrofidagi vaziyat va uglevodorodlarni tashishning global yo‘nalishlari barqarorligi masalalarini muhokama qildi. Tomonlar neft tashish yo‘nalishining barqaror ishlashi erkin va xavfsiz dengiz qatnovi tamoyillariga rioya qilinishiga bog‘liq ekanini ta’kidladi.

Bundan ikki kun avval, 6 avgust kuni Kosherbayev Ruminiya Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Oana Soyu bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Diplomatlar KQK atrofidagi vaziyatni ham muhokama qilib, uning infratuzilmasi va Yevropaga energetika resurslarini yetkazib berish xavfsizligiga tahdid soluvchi harakatlarni qoraladi.

Avvalroq Kaspiy quvurlari konsorsiumining dengiz terminali akvatoriyasida tankerlar bir necha bor dronlar hujumiga uchragan edi. Buning oqibatida neft yuklash ishlari vaqtincha to‘xtatildi, Qozog‘iston esa uglevodorod qazib chiqarish hajmini kamaytirishga majbur bo‘ldi.

12 avgust kuni Financial Times manbalarga tayanib, AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning tegishli iltimosidan so‘ng Ukraina Novorossiyskdagi KQK terminalidan foydalanayotgan tankerlarga zarba berishni to‘xtatgani haqida xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev KQK infratuzilmasiga, shuningdek, Rossiyaga tegishli bo‘lmagan va Ukraina sanksiyalari ostida bo‘lmagan hamda Rossiya nefti yoki yuklarini tashimaydigan kemalarga hujum qilmaslikka rozi bo‘lgan.

ℹ️ Kaspiy quvurlari konsorsiumi Qozog‘istonning uchta yirik koni — Tengiz, Qashag‘an va Qorachig‘anoqdan qazib olinadigan neftni Novorossiysk yaqinidagi dengiz terminaliga yetkazib berishni ta’minlaydi. 2025 yilda KQK orqali qariyb 70,5 million tonna neft tashilgan. Bu hajmning 75 foizdan ortig‘i xorijiy yuk jo‘natuvchilar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Eng yiriklari orasida «Tengizshevroyl» (Chevron), ExxonMobil, «QazMunayGaz», Eni va Shell bor.

  • Markaziy Osiyo mamlakatlariga MHO xavfi bormi?

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Rossiya matbuoti «nato» snaryadlari tufayli Qozog‘istonga hujum qila boshladi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor