Eronda zo‘rlashga urinish vaqtida o‘zini himoya qilganini aytgan ayol qotillikda ayblanib qatl etildi

haqqin.az sayti fotosurati

Eronning Qazvin shahridagi markaziy qamoqxonada 23 yoshli Marziya Niyeriga nisbatan chiqarilgan o‘lim jazosi ijro etildi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Iran Human Rights ma’lumotlariga ko‘ra, Niyeri 17 yoshida oilasining bosimi ostida majburan turmushga berilgan. Jinoiy ta’qibga sabab bo‘lgan voqea 2021 yil oktyabr oyida, u 18 yoshda bo‘lgan paytda sodir bo‘lgan.

Sudda Niyeri erining biznes hamkorlaridan biri mast holda unga nisbatan zo‘ravonlik qilib, nomusiga tegishga uringanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u o‘zini himoya qilish maqsadida oshxona pichog‘i bilan unga o‘limga olib kelgan jarohat yetkazgan. To‘qnashuv vaqtida uning eri ham halok bo‘lgan.

Voҡeadan to‘rt kun o‘tib, Niyeri o‘z ixtiyori bilan politsiyaga borgan. Sud uning o‘zini himoya qilgani haqidagi versiyasini qabul qilmagan va halok bo‘lganlarning oilalari qasos olishni talab qilgani sababli uni o‘lim jazosiga hukm qilgan.

Kisas (Qasos) — Eron qonunchiligida mustahkamlangan «qonga-qon» tamoyili bo‘lib, islom huquqi normalariga borib taqaladi. Unga ko‘ra, o‘ldirilgan shaxsning oilasi mahkumni qatl etishni talab qilish yoki pullik tovon — diya, ya’ni «xun puli»ga rozi bo‘lish huquqiga ega. Bunday hukm faqat jabrlanuvchining yaqin qarindoshlari bevosita rozilik bergan taqdirdagina ijro etiladi.

Marziya Niyeri 8 avgust, shanba kuni tong saharda qatl etilgan.

2026 yil boshidan buyon Eronda kamida 14 nafar ayol qatl etilgan. AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda mamlakatda kamida 61 nafar ayol qatl etilgan. Bu so‘nggi chorak asrdagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan taxminan 70 foizga ko‘p. Departament ta’kidlashicha, ayollarni qatl etishlar soni bo‘yicha Eron boshqa har qanday davlatdan ancha oldinda.

Eronda qatl etilishini kutayotgan ayollar ishlarida eri yoki nikohlanmoqchi bo‘lgan kishini o‘ldirish bilan bog‘liq ayblovlar eng ko‘p uchraydigan ayblovlardan biri bo‘lib qolmoqda. Iran Human Rightsga ko‘ra, 2025 yilda qatl etilgan ayollarning kamida 21 nafari shu sababli qasos asosida o‘lim jazosiga hukm qilingan. Huquq himoyachilari ularning ko‘pchiligi jinoyat sodir etishidan oldin oilaviy zo‘ravonlikka duch kelganiga e’tibor qaratadi. Erta va majburiy nikohlar, iqtisodiy qaramlik, ajrashish imkoniyatlarining cheklangani hamda huquqiy himoyaning zaifligi ayollarda xavfli munosabatlardan qonuniy yo‘l bilan chiqib ketish imkoniyatlarini amalda qoldirmayapti.

Shu bilan birga, Niyeri qatl etilgan kuni Mozandaron viloyati sud organlari yana bir sudlanuvchi — Kolsum Akbariyga nisbatan o‘nta o‘lim hukmi chiqarilganini ma’lum qildi. Barcha hukmlar o‘nta qotillik bo‘yicha qasos tamoyili asosida chiqarilgan.

Akbariyga qarshi jinoiy ish 2023 yil sentyabr oyida Mahmudobod shahrida 82 yoshli erkakning shubhali o‘limi ortidan qo‘zg‘atilgan. Nafaqaxo‘r chol Akbariy bilan vaqtinchalik nikoh tuzganidan bir necha oy o‘tib vafot etgan. Marhumning oilasi politsiyaga murojaat qilgach, tergov boshlangan va jarayonda boshqa jinoyatlar ham aniqlangan.

Akbariy qo‘lga olinganidan so‘ng vaqtinchalik nikohda bo‘lgan bir necha keksa erkaklarni o‘ldirganini tan olgan. Uning barcha mol mulki musodara qilingan. O‘n birinchi jabrlanuvchining oilasi esa Akbariy uning o‘limida ham aybdor deb topilganiga qaramay, o‘lim jazosini talab qilmagan va moliyaviy tovon olishga rozi bo‘lgan. Hokimiyat Akbariyning qurbonlari umumiy soni 11 nafardan ortiq bo‘lishi mumkin, deya hisoblpydi.

Eron o‘lim jazosi keng ko‘lamda qo‘llanadigan kam sonli davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Inson huquqlari tashkilotlari ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Eronda kamida 1639 ta qatl qayd etilgan. Bu 1989 yildan buyon bir yillik eng yuqori ko‘rsatkichdir. Amnesty International ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili atigi 17 ta davlatda qatllar amalga oshirilgan, ularning soni bo‘yicha Eron faqat Xitoydan ortda qolgan.

Huquq himoyachilari 2026 yilda qatllar soni ortib borishidan ogohlantiradi. Ular o‘lim jazosi qo‘llanilishi xavfini oshirayotgan omillar qatorida 2025 yil dekabridagi umummilliy namoyishlar hamda AQSH va Isroil bilan urushni tilga olishmoqda.