Qozog‘istonda sud Oral shahrida yashovchi shaxsni odamlarni Ukrainadagi urushga yollagani uchun sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qildi, deb xabar beradi «Moy gorod» nashri.
G‘arbiy Qozog‘iston viloyati sudi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, erkak 2025 yil fevral oyidan iyul oyigacha odam yollash bilan shug‘ullangan. U muntazam ravishda Rossiyaga borib, u yerda qurolli tuzilmalar vakillari bilan aloqa o‘rnatgan. Qozog‘istonga qaytgach, frontga yuborish uchun potensial ishtirokchilarni, jumladan, kam ta’minlangan fuqarolar orasidan nomzodlarni qidira boshlagan.
Yollovchi nomzodlarga jangovar harakatlarda ishtirok etgani uchun moliyaviy mukofot va’da qilgan. Gap 2,5 milliondan 3 million rublgacha bo‘lgan bir martalik to‘lov, har oy taxminan 200 ming rubl miqdorida pul ta’minoti, shuningdek, Rossiya pasportini tezlashtirilgan tartibda olishga ko‘maklashish haqida borgan.
Sud jarayonida sudlanuvchi aybini qat’iyan rad etib, hech kimni urushda qatnashishga targ‘ib qilmaganini ta’kidlagan. Biroq, ayblov tomoni nafaqat guvohlar va jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari, balki katta hajmdagi raqamli ma’lumotlarni ham taqdim etgan. Ekspertlar tomonidan gumonlanuvchining mobil telefonidan olingan yozishmalar odam yollash faktini to‘liq tasdiqlagan.
Sud erkakning harakatlarini odam yollash va odam yollashga urinish to‘g‘risidagi moddalar bilan (Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 24-moddasi 3-qismi, 170-moddasi 1-qismi) kvalifikatsiya qilgan. Jazo tayinlashda sud uning yosh farzandi borligini hisobga olgan, biroq jinoyatlar retsidivi og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholangan.
Natijada sud yengilroq jazoni og‘irroq jazo bilan qamrab olish tartibida sudlanuvchini sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilgan va mahbus jazoni o‘rtacha xavfsizlik koloniyasida o‘taydi.
Sud qarori hozircha qonuniy kuchga kirmagan va undan shikoyat qilish mumkin.
Qozog‘iston hukumati avval ham bir necha bor respublika fuqarolarini Ukraina hududidagi jangovar harakatlarda ishtirok etgan taqdirda, o‘z vatanida jinoiy ta’qibga duch kelishi haqida ogohlantirgan. Ular xorijiy davlat hududidagi qurolli mojarolarda ishtirok etganlik va yollanma askarlik uchun sudlanadi. Huquq himoyachilari ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Qozog‘istonda bunday holatlar bo‘yicha bir necha yuzta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
O‘tgan kuzda «Xochu jit» fondi Ukrainada Rossiya bo‘linmalari tarkibida jang qilgan va halok bo‘lgan qariyb 270 nafar qozog‘istonlikdan iborat ro‘yxatni e’lon qilgandi. Fond ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning aksariyati motoqo‘rolli polklar va brigadalar tarkibida xizmat qilgan.



