Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi Aqtasdagi ruhiy kasalliklar shifoxonasiga oid tarqalgan xabarlarni rad etdi

shutterstock.com sayti fotosurati

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi Olmaota viloyatining Aqtas qishlog‘ida joylashgan Intensiv kuzatuv ostidagi maxsus turdagi Respublika psixiatriya shifoxonasi bemorlariga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lingani haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlamadi, deb xabar beradi ORDA.kz. Muassasadagi tekshiruv bemorlar huquqlari buzilishi mumkinligiga oid maqolalar e’lon qilinganidan so‘ng o‘tkazilgan.

«Bemorlarga nisbatan jismoniy cheklovlar qo‘llanilgani, ta’sir chorasi sifatida dori vositalaridan foydalanilgani va bemorlarning qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa harakatlar amalga oshirilgani haqidagi ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topmadi», — deya ma’lum qiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Vazirlik, shuningdek, sobiq bemorlardan birining xotiralariga asoslangan ma’lumotlarga alohida izoh bergan. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, maqola muallifi 2008 yilda shifoxonaning 7-, 10- va 12-bo‘limlarida davolangan vaqtida sodir bo‘lgan voqealar haqida so‘zlab bergan.

«Bunda muallifning shaxsiy ma’lumotlari ko‘rsatilmagan, tasvirlangan voqealar esa qariyb 18 yil oldingi davrga taalluqli», — deya ta’kidlaydi vazirlik.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida muassasaning sobiq bemorlari tomonidan shafqatsiz munosabatda bo‘lingani haqida shikoyatlar e’lon qilingan edi. Nashrlarda bemorlarni karavotlarga bog‘lab qo‘yishgani, jazo sifatida ularga dori vositalari yuborilgani, mehnatga majburlangani, shuningdek, og‘ir maishiy sharoitlarda saqlangani haqida da’volar bildirilgan. Shuningdek, bemorlarga nisbatan ehtimoliy tahqirlashlar va shubhali o‘limlar haqida ham bayonotlar yangragan. Shundan so‘ng tekshiruv o‘tkazishga qaror qilingan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bemorlarning tashxisi va davolash tartibidan qat’i nazar, ularning huquqlari va xavfsizligiga rioya etilishini nazorat qilishni davom ettirishini ta’kidladi. Shuningdek, vazirlik bila turib yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun javobgarlik mavjudligini eslatdi.

👉 Aqtasdagi Intensiv kuzatuv ostidagi maxsus turdagi Respublika psixiatriya shifoxonasi — Qozog‘istondagi bu turdagi yagona muassasa hisoblanadi. Unda sud qaroriga asosan bemorlarga majburiy davolash qo‘llaniladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, u yerda saqlanayotgan bemorlarning 80 foizdan ortig‘i avval shaxsga qarshi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgan.