Qozog‘iston neftini Kaspiy quvurlari konsorsiumi (KQK) orqali eksport qilish hajmi iyul oyida Qora dengiz terminali hududida dronlar hujumlari ko‘paygani sabab dastlabki rejaga nisbatan 20 foizdan ortiqqa kamaygan. Bu haqda sohadagi manbalar va Kpler tahlil kompaniyasiga tayanib, Reuters xabar berdi.
Agentlik manbalari ma’lumotiga ko‘ra, iyul oyida KQK orqali kuniga taxminan 1,2–1,3 million barrel neft eksport qilingan. Odatiy sharoitda esa bu ko‘rsatkich kuniga 1,6–1,7 million barrelni tashkil etadi.
Manbalarning bildirishicha, 7 avgust, juma kuni Novorossiysk yaqinidagi Yujnaya Ozereyevka hududida joylashgan KQK terminalida neft ortish ishlari bir kun avval qisqa muddatga qayta tiklanganidan so‘ng yana to‘xtatilgan.
Kpler bahosiga ko‘ra, avgust oyining boshida CPC Blend navli neft yuklash hajmi o‘rtacha kuniga 1,1–1,2 million barrelni tashkil etmoqda. Bu ham odatiy darajadan ancha past hisoblanadi.
KQK vakillari iyul va avgust oylaridagi eksport hajmlari haqida izoh berishdan bosh tortgan.
Konsorsiumning quvur tizimi orqali Qozog‘iston nefti eksportining 80 foizdan ortig‘i, jumladan, Tengiz, Qashag‘an va Qorachig‘anoq kabi yirik konlardan olinayotgan neft tashiladi. Ta’minotdagi uzilishlar fonida Qozog‘iston iyul oyida neft qazib chiqarish hajmini iyun oyiga nisbatan 14 foizga qisqartirgan edi.
Shu bilan birga, «QozMunayGaz» boshqaruvi raisi Asxat Hasenovning ta’kidlashicha, hozirgi kunda Qozog‘iston uchun iqtisodiy samaradorlik va neft tashish hajmi bo‘yicha Qaspiy quvurlari konsorsiumiga to‘liq muqobil yo‘nalish mavjud emas.
«Bugungi kunda Qaspiy quvurlari konsorsiumiga iqtisodiy jihatdan ham, hajmlar bo‘yicha ham muqobil yo‘q. Ammo bu boshqa yo‘nalishlarni ishlab chiqmayapmiz degani emas. Ularning barchasi ustida ish olib borilmoqda», — dedi Hasenov.
Uning ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda KQK tizimi orqali 64,8 million tonna neft tashilgan, 2026 yil uchun esa reja 65 million tonnani tashkil etadi. Qaspiy quvur konsorsiumi aksiyadorlari quyidagilardan iborat: Rossiya — 31 foiz, Qozog‘iston — 20,75 foiz, AQSHning Chevron kompaniyasi — 15 foiz, shuningdek, yana bir qator xususiy kompaniyalar.



