«Amina» ilovasi Rossiyaning 13 hududida vizasiz kiruvchi chet el fuqarolari uchun majburiy bo‘ladi

Chet el migrantlarining biometrik nazorati va harakatlanishini kuzatish uchun mo‘ljallangan «Amina» mobil ilovasi Rossiyaning yana 11 ta hududida xorijiy fuqarolar uchun majburiy bo‘ladi. Bunday qaror 2025 yil sentyabr oyidan boshlab Moskva shahri va Moskva viloyatida o‘tkazilgan tajriba natijalari asosida qabul qilindi. Bu haqda Moskva meri Sergey Sobyanin TASSga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Shunday qilib, Moskva va Moskva viloyatini hisobga olganda, «Amina» joriy etiladigan hududlar soni 13 taga yetadi.

«Amina» ilovasi Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan vizasiz davlatlar fuqarolarini raqamli nazorat qilish va migratsiya hisobini yuritish maqsadida ishlab chiqilgan. Ya’ni, uni O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston, Qozog‘iston, Gruziya, Ozarbayjon, Moldova va Ukrainadan kelgan mehnat migrantlari o‘rnatishi shart bo‘ladi.

Ilova avtomatik ravishda geolokatsiya ma’lumotlarini Ichki ishlar vazirligiga uzatadi va yashash joyi haqida masofadan turib xabar berish imkonini beradi. Shuningdek, u foydalanuvchining haqiqiy joylashuvini ko‘rsatilgan manzil bilan solishtiradi. Agar uch ish kunidan ortiq vaqt davomida ma’lumot uzatilmasa, migrantga yashash manzilini tasdiqlash yoki uni o‘zgartirgani haqida xabar berish so‘raladigan ogohlantirish yuboriladi. Hisobga olish talablariga rioya qilmaslik ro‘yxatdan chiqarish va nazoratdagi shaxslar reyestriga kiritish ehtimoliga olib keladi.

«Agar unda (migrantda) ushbu dastur ishlamasa, biz buni migratsiya tartibini buzgan deb hisoblaymiz va umamlakatdan chiqarib yuborilishi kerak bo‘ladi. Shu tariqa biz uning barcha harakatlarini bilamiz: kunduzi qayerda ishlayotgani va qayerdaligini, kechasi qayerda tunayotganini va harakatlanish yo‘nalishlarini», — dedi Sobyanin.

Moskva merining so‘zlariga ko‘ra, tajriba doirasida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) va Ichki ishlar vazirligi (IIV) bilan hamkorlikda chegarada biometrik nazorat tizimi yaratilgan. Chegaradan o‘tish paytida migrantlar barmoq izlari va raqamli fotosurat qoldiradi, bu esa keyinchalik ularni aniqlash imkonini beradi.

«Biz prezidentdan Moskvada migratsiya oqimlarini nazorat qilish sohasida tajriba o‘tkazishga rozilik oldik. U nimadan iborat? Mamlakatga kirishni nazorat qilish va hudud ichidagi harakatlanishni kuzatish. Shuningdek, turli huquqbuzarliklarni sodir etgan jinoyatchilarni qidirish», — dedi Sobyanin.

Uning aniqlashtirishicha, tizimga Rossiya Federatsiyasi chegarasini kesib o‘tish huquqiga ega bo‘lmagan yoki chegaradan o‘tayotganda ushlanishi kerak bo‘lgan huquqbuzarlar haqidagi barcha ma’lumotlar kiritilgan.

Ushbu texnologiya barcha yirik transport uzellarida, birinchi navbatda, aeroportlarda joriy etilmoqda.

Tizimni boshqa hududlarga ham kengaytirish zarurati haqida gapirar ekan, Sobyanin hamkorlikdagi ishlarning muhimligini ta’kidladi.

«Biz Moskva atrofini yopib qo‘yish mumkin emas, deb hisoblaymiz. <…> Moskva umumiy vazifalar va umumiy muammolar tizimiga juda chuqur integratsiyalashgan. Boshqa hududlarda ushlanmagan jinoyatchilar ertami-kechmi Moskvaga keladi. Moskvada bo‘lgan jinoyatchilar esa ertami-kechmi boshqa hududlarga borib qoladi. Shuning uchun bunday hamkorlikdagi muhim ish zarur», — deya izohladi Sobyanin.

2026 yil 1 sentyabrdan boshlab «Amina» ilovasi nafaqat mehnat migrantlari, balki yana bir qator toifadagi xorijiy fuqarolar uchun ham Moskva shahri va Moskva viloyatida turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishning yagona usuliga aylanadi.

Bu Rossiyaga mehnat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda 90 kalendar kundan ortiq muddatga keladigan shaxslarga taalluqli. Ular qatoriga Rossiya fuqarolarining yoki Rossiyada yashash uchun ruxsatnomasi (VNJ) bo‘lgan xorijiy fuqarolarning oila a’zolari, YEOII (Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi) davlatlaridan kelgan mehnat qiluvchi fuqarolarning oila a’zolari, shuningdek, Rossiya oliy o‘quv yurtlari va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar kiradi.

Shuningdek, eslatib o‘tamizki, 2026 yil 30 iyundan boshlab Rossiyada Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi «Xorijiy fuqaroning raqamli profili» davlat axborot resursi ishga tushirildi. U xorijliklarning hujjatlari, migratsiya hisobi, mehnat faoliyati, ta’limi, tibbiy sug‘urtasi, mol-mulki va huquqbuzarliklari haqidagi ma’lumotlarni birlashtiradi.

  • Markaziy Osiyo mamlakatlariga MHO xavfi bormi?

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Rossiya matbuoti «nato» snaryadlari tufayli Qozog‘istonga hujum qila boshladi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor