Wildberries: O‘zbekistonda omborlar tashkil etilmoqda, ammo asosiy logistika quvvatlari Rossiyada qoladi

Wildberries kompaniyasi matbuot xizmati fotosurati

Ukrain dronlarining Rossiya hududidagi omborlarga qilgan hujumlari sabab zarar ko‘rayotgan Wildberries kompaniyasi boshqa mamlakatlarda, jumladan O‘zbekiston va Qozog‘istonda logistika infratuzilmasini yaratmoqda. Biroq, kompaniyaning asosiy logistika quvvatlari Rossiya hududida qoladi, deb xabar beradi Spot.uz marketpleys matbuot xizmati bayonotiga tayanib.

«Kompaniyaning asosiy logistika quvvatlarini Rossiya Federatsiyasi hududidan tashqariga ko‘chirish haqidagi ommaviy axborot vositalaridagi xabarlarni biz vaziyatni ortiqcha hissiy tarzda keskinlashtirish sifatida baholaymiz. Bu bizning biznes jarayonlarimizning mohiyatini aks ettirmaydi», — deya ta’kidlaydi Wildberries.

Kompaniya matbuot xizmati hozirgi vaqtda barcha zarur resurslar logistika tizimini tiklash va platformaning barqaror ishlashini ta’minlashga yo‘naltirilayotganini qo‘shimcha qildi.

Shu bilan birga, kompaniya faoliyat yuritayotgan mamlakatlarda infratuzilmani kengaytirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Marketpleys vakillari xorijda ombor binolarini qurish ishlari reja asosida olib borilayotganini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida — Rossiyadagi WB omborlariga keng ko‘lamli hujumlar boshlanishidan oldin — O‘zbekistonda Markaziy Osiyo logistika xabini tashkil etish rejalari haqida xabar berilgan edi. Ushbu loyihaga 300 million dollardan ortiq mablag‘ investitsiya qilish ko‘zda tutilgan. Rejaga ko‘ra, xab Toshkent viloyatidagi maydoni qariyb 170 ming kvadrat metr bo‘lgan saralash markazi va qurilayotgan ombor majmuasini, shuningdek, boshqa mamlakatlardagi infratuzilmani birlashtirishi kerak edi. Kompaniya rejasiga muvofiq, ushbu logistika tuguni Markaziy Osiyodan tovarlarni eksport qilish uchun asosiy maydonga aylanishi, Rossiya — O‘zbekiston — Yaqin Sharq yo‘nalishini bog‘lashi hamda Xitoydan Afrikaga mahsulotlar tranzitini ta’minlashi kerak.

Shu bilan birga, The Moscow Times nashri xabar berishicha, marketpleys xodimlari Rossiyalik sotuvchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hamkorlarni tovarlarni uzoq muddatli saqlash uchun xorijga yo‘naltirish haqida ishontirgan. Xususan, «uzoq muddatli» omborlar Belarus, Qozog‘iston va O‘zbekistonda paydo bo‘lishi aytilgan. Uchrashuv ishtirokchilaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Wildberries vakillari xorijdagi omborlarning bir qismi allaqachon ishlayotganini — ular orasida kompaniyaning o‘z omborlari ham, ijaraga olingan obyektlar ham borligini bildirgan. Shuningdek, ayrim tovarlar «hozirning o‘zida» qisman ushbu omborlarga yo‘naltirilayotgani aytilgan.

Ko‘plab sellerlar allaqachon norozilik bildirmoqda, chunki bunday logistika sababli ular yetkazib berish muddati va xarajatlari bo‘yicha raqobatchilarga yutqazishi mumkin. Ayniqsa, aylanmasining 80 foizigacha qismi uzoq muddatli saqlash omborlari orqali amalga oshiriladigan yirik sotuvchilar bundan ko‘proq zarar ko‘rishi mumkin.

Yana bir muammo — chegaradan o‘tishda bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish zarurati. Wildberries hamkorlaridan birining tan olishicha, ko‘p hollarda tovarlar Rossiyaga «kulrang» yoki hatto «qora» sxemalar orqali kiritiladi. Shu sababli yirik yetkazib beruvchilar bojxona jarayonlaridan o‘tishni uddalay olishi mumkin, kichik tadbirkorlar esa qiyinchiliklarga duch keladi.

Yana bir rossiyalik tadbirkorning taxminiga ko‘ra, Qozog‘istondagi omborlarga Xitoydan mahsulot yetkazib berish osonroq bo‘ladi va bu Rossiyalik sellerlar uchun raqobatni kuchaytiradi. Sotuvchining ta’kidlashicha, uning biznesiga asosiy zarbani Ukraina dronlari emas, balki Xitoydan kelayotgan arzon tovarlar berishi mumkin.

ℹ️ Rossiyadagi Wildberries logistika obyektlariga hujumlar 18 iyul kuni boshlangan. Tambov, Moskva, Krasnodar, Leningrad, Tver, Samara, Vladimir, Volgograd, Tula, Sverdlovsk viloyatlari, Stavropol o‘lkasi, Udmurtiya, Qrim va Sankt-Peterburgdagi omborlar hamda saralash markazlari dronlar zarbasiga uchragan. Ayrim obyektlarda yirik yong‘inlar yuz bergan, bir qator omborlar esa vaqtincha ishini to‘xtatgan. Dron hujumlari oqibatida kompaniyaning bir necha xodimi halok bo‘lgan, kamida 100 kishi jarohat olgan, sotuvchilarga tegishli yuzlab milliard rubllik tovarlar to‘liq yonib ketgan yoki zarar ko‘rgan.

  • Markaziy Osiyo mamlakatlariga MHO xavfi bormi?

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Rossiya matbuoti «nato» snaryadlari tufayli Qozog‘istonga hujum qila boshladi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor