Tojikiston Rossiyaga tashrif buyurgan xorijliklar soni bo‘yicha top-3 davlatlar ro‘yxatidan chiqib ketdi, O‘zbekiston yetakchilikni saqlab qolgan

rahmat.ru sayti fotosurati

Joriy yil yanvar–iyun oylarida Rossiyaga 7,1 million xorijlik tashrif buyurgan. Bu 2025 yilning shu davriga nisbatan (7,8 million tashrif) kamroq ko‘rsatkichdir. Mamlakatlar orasida odamlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni O‘zbekiston saqlab qolgan, Tojikiston esa Xitoyga o‘rnini boy berib, top-3 dan chiqib ketgan. Bu haqda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Chegara xizmati ma’lumotlariga tayangan holda «Kommersant’» nashri materiallarida so‘z yuritiladi.

Agar o‘tgan yilning birinchi yarmida yetakchi uchlikni faqat Markaziy Osiyo davlatlari tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi ro‘yxatda mintaqa vakillaridan faqat ikkitasi qolgan.

Ro‘yxat yetakchisi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari hisobot davrida Rossiyaga 1,6 milliondan ortiq marta kirib borgan. Bir yil oldin bu ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘lib, 1,8 milliondan ortiqni tashkil etgan edi.

Ikkinchi o‘rinni Qozog‘iston egallagan. 2026 yilning dastlabki ikki choragida Rossiyaga ushbu mamlakatdan qariyb 1,4 million nafar fuqaro kelgan. Bu ham o‘tgan yil yanvar–iyun oylarida qayd etilgan ko‘rsatkichdan kam bo‘lib, o‘sha paytda 1,5 milliondan ortiqni tashkil etgandi.

Uchinchi o‘rinni egallagan Xitoy yillik ko‘rsatkichini oshirgan yagona davlat bo‘ldi. Xitoy fuqarolarining Rossiyaga tashriflari soni 876 mingdan oshgan, holbuki 2025 yilning birinchi yarmida xitoyliklarning Rossiyaga kirishi bo‘yicha 767 mingta belgi qayd etilgan edi.

Tojikiston fuqarolarining Rossiyaga qilgan safarlari soni esa 693 mingta ko‘rsatkichda to‘xtagan.

Qirg‘iziston beshinchi o‘rinda qolgan va mintaqa qo‘shnilari kabi safarlar soni kamayishi tendensiyasiga qo‘shilgan. Joriy yilda respublikadan Rossiyaga tashriflar soni 442 mingtani tashkil etgan, o‘tgan yil yanvar–iyun oylarida esa bu ko‘rsatkich 515 mingta bo‘lgan edi.

Turkmaniston Rossiyaga qilingan safarlar soni bo‘yicha hatto top-10 talikka ham kira olmagan. U, masalan, Turkiya va Mo‘g‘uliston kabi davlatlardan ortda qolgan.

«Kommersant’» ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida xorijliklar Rossiyaga kirish chog‘ida 2,4 million holatda safar maqsadi sifatida ishlashni ko‘rsatgan. Ushbu toifada Markaziy Osiyo respublikalari yetakchilik qilmoqda:

✅ O‘zbekiston — 1,1 million safar;

✅ Tojikiston — 494 ming safar;

✅ Qirg‘iziston — 289 ming safar.

Biroq, bu holatda ham ko‘rsatkich 15 foizga kamaygani kuzatilmoqda. O‘tgan yilning dastlabki olti oyida Rossiyaga ishlash uchun kelgan uchta yetakchi davlat fuqarolari soni 2,3 milliontaga yetgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 1,9 millionni tashkil etmoqda.

Hisobot davrida Rossiyaga sayyoh sifatida 676 mingdan ortiq xorijlik tashrif buyurgan. Bu yo‘nalishda Xitoy katta farq bilan yetakchilik qilmoqda — 380,5 ming tashrif. Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston, Turkiya va Saudiya Arabistoni, ularning umumiy ko‘rsatkichi salkam 100 mingdan oshgan.

Yana 202 mingta tashrif o‘qish maqsadi bilan amalga oshirilgan. Davlatlar kesimidagi top-3 talikka Qozog‘iston, Xitoy va O‘zbekiston kiradi.

Nihoyat, 2,3 million holatda xorijlik mehmonlar tashrif maqsadini xususiy safar sifatida ko‘rsatgan. Bunday sababni eng ko‘p Qozog‘iston fuqarolari qayd etgan — 850 ming marta. Keyingi o‘rindagi O‘zbekiston va Abxaziya ulardan ancha ortda qolgan — tegishli ravishda 263 ming va 225 mingta tashrif.

Bir necha yildan beri Rossiya mamlakatda xorijliklarga nisbatan qoidalarini kuchaytirib kelmoqda. Jumladan, nazoratdagi shaxslar reyestri joriy etildi, migrantlarga o‘z geolokatsiya ma’lumotlarini davlat organlariga taqdim etish majburiyati yuklandi, deportatsiya qilish uchun asoslar soni ko‘paymoqda va hokazo.

Shu munosabat bilan Rossiyada bo‘lib turgan xorijiy fuqarolar soni kamaymoqda. Masalan, 2026 yil may oyi holatiga ko‘ra, Rossiyada 6,1 million nafar xorijlik bo‘lgan, bir yil oldin esa bu ko‘rsatkich 6,8 millionni tashkil etgan. Kamayish taxminan 10,3 foizga teng bo‘lgan.

  • Markaziy Osiyo mamlakatlariga MHO xavfi bormi?

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Rossiya matbuoti «nato» snaryadlari tufayli Qozog‘istonga hujum qila boshladi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor