«Shal, ket!» shiori muallifi Yermek Narimbay yana qamoqqa olindi

Yermek Narimbay. KazTAG sayti fotosurati

Ostona shahri sudi fuqarolik faoli Yermek Narimbayni qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini bajarmaganlikda (Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 430-moddasi) aybdor deb topib, uni 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Shuningdek, unga 3 yil 6 oy davomida jamoatchilik-siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlandi, deb xabar beradi «Azattiq radiosi».

Tergov talqiniga ko‘ra, Narimbay sud tomonidan avvalroq belgilangan jamoatchilik faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni buzib, Facebookda 2026 yil mart oyida referendumga qo‘yilgan Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasini tanqid qiluvchi postlarni e’lon qilgan.

Sud muzokaralari chog‘ida prokuror faolga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlash va 5 yil muddatga jamoatchilik-siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlashni so‘ragan.

So‘nggi so‘zida 56 yoshli Narimbay aybini tan olmagan. Uning ta’kidlashicha, jinoyat ishi materiallarida jabrlanuvchilar ham, yetkazilgan zarar ham mavjud emas. Shuningdek, u o‘zining qo‘lga olinishi va qamoqda saqlanishini noqonuniy deb atagan.

Faol fevral oyidan buyon hibsda saqlanmoqda. U Bishkekda qo‘lga olinib, Ostonaga olib kelingan va tergov hibsxonasiga joylashtirilgan. Himoya tomonining ta’kidlashicha, Narimbay amalda Qirg‘iziston maxsus xizmatlari tomonidan qonunchilikda nazarda tutilgan tartiblarga rioya qilinmasdan — deportatsiya yoki ekstraditsiya to‘g‘risidagi sud qarori chiqarilmasdan — Qozog‘iston hokimiyatiga topshirilgan. Advokatlar so‘zlariga ko‘ra, bu topshirish jinoyat ishi rasman qo‘zg‘atilishidan oldin sodir bo‘lgan. Qozog‘iston va Qirg‘iziston huquqni muhofaza qiluvchi idoralari bu bayonotlarga izoh bermagan.

Faolning akasi va uning jamoatchilik himoyachisi Arman Narimbay ushbu hukmni «muqobil fikr uchun ta’qib» deb ataydi. Advokat Vasiliy Sadikov esa jinoyat ishi siyosiy sabablar bilan qo‘zg‘atilganini bildirib, ta’qibni 23 avgustga belgilangan parlament saylovlariga tayyorgarlik bilan bog‘lagan.

Yermek Narimbay «Shal, ket!» va «Nazarbayev, ket!» shiorlarining muallifi sifatida tanilgan. Shuningdek, u Qozog‘iston banklari mijozlari huquqlarini himoya qiluvchi faol sifatida ham ma’lum. 2010 yilda u o‘sha paytda prezident lavozimida bo‘lgan Nursulton Nazarboyevning muddatidan oldin iste’foga chiqishini talab qilgan referendum mavzusidagi yig‘ilishdan so‘ng to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 2016 yilda Narimbay «Ko‘cha shamoli» kitobidan parcha e’lon qilganidan so‘ng adovat qo‘zg‘atishda ayblanib sudlangan. Sud uni uch yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilgan, biroq u Qozog‘istonni tark etib, Ukrainaga ko‘chib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. 2022 yil fevral oyida, yanvar voqealaridan keyin, Narimbay vatanga qaytgan va probatsiya nazorati talablarini buzganlik aybi bilan tergov hibsxonasiga joylashtirilgan. U 2023 yil iyul oyida ozodlikka chiqqan.