Qozog‘istonlik jurnalist Aleksandra Alyoxova shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy tarqatish ishi bo‘yicha aybdor deb topildi. Bu haqda chiqarilgan hukmni jurnalist Janna Baytelova o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.
3 avgust kuni Olmaotadagi Olmali tuman sudi yopiq sud majlisida Alyoxovani Jinoyat kodeksining 147-moddasi («Shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy tarqatish orqali shaxs huquqlari va qonuniy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazish») bo‘yicha aybdor deb topdi.
Unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, ammo jazoni ijro etish 5 yilga — 2031 yilgacha kechiktirildi. Shuningdek, sud hukmiga ko‘ra, Alyoxova 3 yil davomida jurnalistlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan ham mahrum etiladi.
Alyoxovaga qarshi jinoyat ishi 2022–2024 yillarda Olmaotadagi «Kenjexan» bozori ijarachilari va mulkdorlari o‘rtasidagi mojaro haqida e’lon qilingan bir qator materiallardan so‘ng qo‘zg‘atilgan. Ularda ijarachilar manfaatlarini himoya qilgan faollardan biri muqaddam sudlangani va politsiya hisobida turgani haqida ma’lumotlar keltirilgan. Faolning murojaatidan so‘ng tergov ushbu ma’lumotlarni e’lon qilishni shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy tarqatish deb baholadi.
Jurnalist himoyasi esa barcha ma’lumotlar ochiq sud bazalaridan olingani va omma uchun erkin ochiq bo‘lganini ta’kidlagan.
2026 yil mart oyida Alyoxova tergov harakatlarini o‘tkazish uchun politsiyaga chaqirilgan, may oyida esa ish sudga oshirilgan
Bundan avval so‘z erkinligini himoya qiluvchi xalqaro «Әdіl sөz» jamg‘armasi ushbu jinoyat ishiga munosabat bildirib, javobgarlikka tortish tanlab amalga oshirilganini ma’lum qilgan edi. Tashkilot qayd etishicha, xizmat ma’lumotlarining sizib chiqishiga yo‘l qo‘ygan politsiya xodimi ham, ushbu ma’lumotlarni birinchi bo‘lib Telegram-kanalda e’lon qilgan shaxs ham jinoiy javobgarlikka tortilmagan. Jamg‘arma fikricha, e’lon qilingan vaqtga kelib ochiq manbalarda mavjud bo‘lgan ma’lumotlardan foydalangan jurnalist og‘ir jinoyatda ayblangan.
Aleksandra Alyoxova — Olmaotalik jurnalist va to‘rt nafar farzandning onasi. U avvalroq Qozog‘istondagi bir nechta respublika nashrlarida faoliyat yuritgan.
Bu Qozog‘istonda keyingi vaqtlarda OAV vakillariga nisbatan chiqarilgan birinchi ayblov hukmi emas. O‘tgan hafta Olmaotadagi Olmali tuman sudi «KazTAG» axborot agentligi bosh direktori Aset Matayev hamda bosh muharrir Amir Kasenovga nisbatan ham hukm chiqardi. Sud ularga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi, shuningdek, ma’lum muddat jurnalistlik faoliyati bilan shug‘ullanishni taqiqladi.



