Bugun, 2026 yil 15 iyun kuni, taniqli huquq himoyachisi, «Kilim shami» fondi asoschisi Aziza Abdirasulova Jalolobod viloyati Nooken tumani ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan va qariyb besh soat davomida advokatsiz so‘roq qilingan. Shu vaqt ichida unga tez tibbiy yordam chaqirilgan. Bu haqda Fergana.agency nashriga huquq himoyachisining qizi Gulshayir Abdirasulova ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ertalab soat 9 lar atrofida militsiya xodimlari uyga kelib, onasini olib ketishgan, ammo buning huquqiy asoslarini aniq tushuntirishmagan. Otasi esa ROVD binosiga kiritilmagan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Kaktus Media nashriga bergan izohida Abdirasulova qandaydir jinoyat ishi bo‘yicha guvoh sifatida o‘tayotganini bildirgan.
Qizining ta’kidlashicha, insultni boshidan kechirgan va yurak xastaligi bor 65 yoshli Abdirasulova ertalabdan soat taxminan 14:00 gacha so‘roqda ushlab turilgan. Bu vaqtda advokat ishtirok etmagan, ahvoli yomonlashgani sababli militsiya bo‘limiga tez yordam brigadasi chaqirilgan.
Ushbu voqeadan oldin Abdirasulova bir qator ommaviy bayonotlar bilan chiqqan. 14 iyunga o‘tar kechasi u Facebook sahifasida fuqarolik faoli va siyosiy arbob Mavlyan Askarbekovning qamoqqa olinishi munosabati bilan prezidentga hissiyotga jo‘shib, murojaat qilgan: «Nahotki butun Qirg‘iziston ahli mahbusga aylantirilsa? Kampirobod, jurnalistlar, Kanikey, Kanishay, Azamat, “Alga”... Agar xohlasa, Sadir Japarov meni ham mahbusga aylantirsin!»
Shu kunning o‘zida Abdirasulova o‘zini Milliy xavfsizlik davlat xizmati xodimlari deb tanishtirgan shaxslar tomonidan tahdidli qo‘ng‘iroqlar bo‘lgani, Nooken Ichki ishlar boshlig‘i o‘rinbosari uni so‘roqqa chaqirgani hamda mazkur postni o‘chirish uchun bosim o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan.
Aziza Abdirasulova — Qirg‘izistonning eng tajribali huquq himoyachilaridan biri, “Kilim shami” markazi asoschisi, shuningdek Yevropa Ittifoqining Raul Vallenberg nomidagi mukofoti sovrindori hisoblanadi. 2024 yil oxirida u xavfsizlik bilan bog‘liq sabablar, anonim qo‘ng‘iroqlar va tahdidlar ortidan mamlakatni vaqtincha tark etganini ma’lum qilgandi.



