Umra safariga otlangan Qirg‘izistonning 104 nafar fuqarosi Toshkentda qolib ketdi — ular 12-noyabrdan beri Saudiya Arabistoniga uchib keta olmayapti. Buning ustiga, safarni tashkillashtirgan turoperator ziyoratchilardan qo‘shimcha pul talab qilmoqda. Bu haqda Jo‘qorg‘i Kengash (parlament) deputati Burul Amanova maʼlum qildi, deb xabar beradi 24.kg.
Parlament vakilining aniqlik kiritishicha, ayni paytda O‘zbekiston poytaxtida reys kutayotganlarning aksariyati Jalolobod va Botken viloyatlari aholisidir. Ularning ko‘pchiligi pensionerlar bo‘lib, salomatligida muammolari bor.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, ziyoratchilarga Saudiya Arabistoniga parvoz 16-noyabr oqshomida tashkil etilishi vaʼda qilinmoqda. Ammo qirg‘izistonliklar yana aldanib qolishdan xavotirda, chunki kutilayotgan reys haqida hech kim aniq maʼlumot bermagan.
Amanova safarni tashkil etish bilan «Nur-Umra» firmasi shug‘ullanganini qo‘shimcha qildi. Bundan tashqari, tadbirkorlar tanqidlarga javoban ziyoratchilarni manzilgacha eltib qo‘yishga tayyor ekanliklarini, biroq buning uchun har bir kishidan alohida 400 dollardan to‘lov talab qilinayotganini bildirishgan.
Toshkentda qolib ketgan fuqarolar bunday shartlarga rozi emas. Qolaversa, agentlik mijozlari deputatga maʼlum qilishicha, ular safar haqini oldindan to‘labgina qolmay, har biri turoperatorga bir martadan 100 dollardan qo‘shimcha mablag‘ o‘tkazib berishga ham majbur bo‘lgan.
Yuzaga kelgan vaziyat sababli Amanova Qirg‘iziston muftiysi va Ichki ishlar vazirligini mazkur holatni o‘rganishga hamda fuqarolarga har tomonlama yordam ko‘rsatishga chaqirdi.
24.kg nashrining yozishicha, 13-noyabr kuni Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi (QMDB) ziyoratchilarga umra safarlarini uyushtiruvchi kompaniyalarni sinchkovlik bilan tanlashni so‘rab murojaat qilgan. Muftiyatga «Nur-Umra» kompaniyasi faoliyati yuzasidan bir necha bor shikoyatlar kelib tushgani taʼkidlangan.
QMDB bergan aniqlikka ko‘ra, firma fuqarolarni yagona elektron ilovada ro‘yxatdan o‘tkazmasdan yuborgan, shu sababli dalolatnoma tuzilgan. Bundan tashqari, aynan mazkur turoperator musulmonlar boshqarmasidan rasmiy ogohlantirishlar olgan edi.
Shunga qaramay, muftiyat Toshkentda qolib ketgan 104 nafar ziyoratchi haqida hech qanday maʼlumot bermagan. Idora faqatgina sayyohlik firmasining faoliyati bo‘yicha maxsus komissiya o‘rganish olib borayotganini, uning xulosasi asosida qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rilishini qayd etgan, xolos.
Musulmonlarni umra va hajga yuborish orqali daromad topuvchi vijdonsiz tadbirkorlar bilan bog‘liq holatlar O‘zbekistonda ham kuzatilgan. Shu munosabat bilan 2024-yilda respublika rasmiylari ziyoratchilarga sayyohlik xizmatlarini ko‘rsatish huquqini beruvchi litsenziya olish talablarini kuchaytirdi. Xususan, kompaniyalarga davlat jamg‘armasiga 1 million dollar zaxira qilib qo‘yish majburiyati yuklandi. Natijada ruxsatnoma hujjatlarini bor-yo‘g‘i 12 ta operator qo‘lga kiritdi.
Shunga qaramay, odamlar soxta reklamalarga aldanib, shubhali firmalarning qurboniga aylangan holatlar qayd etilgan. 2025-yil aprelida yuzlab o‘zbekistonliklar Saudiya Arabistonida shu tarzda oziq-ovqatsiz va tunash joyisiz qolib ketgan edi. O‘z fuqarolariga prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan ziyoratchilarni vatanga qaytarish uchun charter aviareyslarini tashkil etgan hukumat yordamga keldi.
ℹ️ Umra — kichik haj bo‘lib, muqaddas Ramazon oyida uni ado etish katta hajga tenglashtiriladi. Umra ziyoratiga yilning istalgan vaqtida borish mumkin.



