«KazTAG» bosh muharriri Amir Kasenovga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, u qamoqqa olindi. Bunga uning uy qamog‘i shartlarini buzgani sabab bo‘ldi, deb xabar beradi Almali tuman sudi matbuot xizmati.
Sud ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil 24 dekabrda bila turib yolg‘on axborot tarqatishda ayblanayotgan Kasenovga nisbatan uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Unga internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish, xat-xabar olish va jo‘natish, shuningdek shahar telefonini ham qo‘shgan holda har qanday aloqa vositalari orqali muloqot qilish va yozishmalar olib borish taqiqlangan. 2026 yil 5 iyunda jinoyat ishi sudga kelib tushganidan keyin ham mazkur ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz qoldirilgan edi.
«Biroq A. Kasenov 2026 yil 2 iyunda OAV sahifasida ko‘rilayotgan jinoyat ishiga oid shaxsiy video murojaatni joylashtirgan va shu bilan uy qamog‘i shartlarini buzgan. Shuningdek, 2026 yil 15 iyunda internet resurslarida jinoyat ishi bo‘yicha mediatsiyaga taalluqli yana bir shaxsiy video murojaati e’lon qilingan», — deya izoh bergan sud.
Bundan tashqari, xabarda qayd etilishicha, Kasenov 11 iyun kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisiga kelmagan va shu bilan «sudning birinchi chaqiruviga binoan kelish majburiyatini buzgan».
Uning ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi 22 iyunga belgilangan.
Keyinroq KazTAG agentligi bosh muharrir ochlik e’lon qilganini ma’lum qildi. «Meni tirik holimda ustimdan noqonuniy hukm chiqarishingizga yo‘l qo‘ymayman. Jasadimni sud qilasizlar. Bu sud emas, ko‘zbo‘yamachilik!», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi agentlik.
«KazTAG» bosh muharriri Amir Kasenov va agentlik bosh direktori Aset Matayevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida 2025 yil 8 dekabrda ma’lum bo‘lgandi. Tergov Freedom Finance kompaniyasining arizasi asosida boshlangan. Kasenov va Matayevga Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 274-moddasi («Atayin yolg‘on axborot tarqatish») bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga agentlikning o‘zlarini Freedom Finance xodimlari harakatlaridan jabrlangan shaxslarga oid materiallari asos bo‘lgan. Tahririyat ushbu materiallar faktlar va barcha tomonlar izohlariga asoslanganini bildirgan. Kompaniya esa axborot buzib ko‘rsatilganini ta’kidlagan.
Mart oyida Aset Matayevga nisbatan jinoiy ta’qib tugatilgan. Iyun oyi boshida Amir Kasenov uy qamog‘ida bo‘lgan vaqtida Qasim-Jomart To‘qayevga video murojaat yo‘llagan. U jinoiy ta’qibni kasbiy faoliyati bilan bog‘lab, protsessual huquqlari ko‘p marotaba buzilganini ma’lum qilgan.



