Olmaota viloyatida yuz bergan avariyada besh nafar qozog‘istonlik surdolimpiyachi halok bo‘ldi

Futbol bo‘yicha Qozog‘iston karlar terma jamoasi. Arsen Shakuov ijtimoiy tarmog‘idagi fotosurat

Olmaota viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida yetti kishi, jumladan, Qozog‘iston surdolimpiya (karlar olimpiyasi-tarj.izohi) faxriylari jamoasining besh nafar a’zosi halok bo‘ldi. Bu haqda Milliy surdolimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti Arsen Shakuov o‘zining Facebook (RFda ekstremistik deb tan olingan va taqiqlangan Meta korporatsiyasiga tegishli tarmoq) dagi sahifasida ma’lum qildi.

Fojia 2 dekabr kechasi Olmaota-Bishkek avtomagistralida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, sportchilarni olib ketayotgan Honda Odissey mikroavtobusi haydovchisi oldinda ketayotgan HOWO yuk mashinasining tirkamasi bilan to‘qnashgan. Natijada, mikroavtobusdagi yetti kishi, jumladan, haydovchi olgan jarohatlaridan vafot etgan.

Halok bo‘lganlar orasida:

Asil Ibraimov — kar sportchilar futboli murabbiyi;

Dmitriy Mochalskiy — shaxmat bo‘yicha Yevropa karlar olimpiadasi chempioni va shaxmat bo‘yicha Surdolimpiya o‘yinlari g‘olibi;

Saken Smagulov — Qozog‘iston karlar futbol jamoasi faxriysi;

Sergey Volkovinskiy — karlar milliy terma jamoasi faxriysi va o‘yinchisi;

Serik Moldashev — Qozog‘iston karlar futbol jamoasi faxriysi.

«Barchasining farzandlari va nabiralari bor edi... Men ularni bolalikdan shaxsan bilaman, otamning barcha eng yaqin do‘stlari edi... Ohiratlari obod bo‘lsin!!!», — deb yozadi Shakuov.

«Farg‘ona» tahririyati marhumlarning oila a’zolari va do‘stlariga chuqur hamdardlik bildiradi.