Qozog‘iston TIV Kaspiy ququrlari korsorsiumiga qilingan hujum yuzasidan Ukrainaga norozilik bildirdi

gov.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Novorossiysk yaqinidagi Kaspiy quvurlari konsorsiumi (KQK) ning muhim infratuzilmasiga «navbatdagi maqsadli hujum» uyushtirilganiga norozilik bildirdi. Vazirlik vakili Aybek Smadiyarovning tegishli bayonoti 30 noyabr kuni e’lon qilindi.

«Bu voqea xalqaro huquq bilan kafolatlangan sof fuqarolik inshootiga qarshi uchinchi tajovuzkorlik harakatidir.

Global energiya bozorining mas’ul ishtirokchisi sifatida Qozog‘iston energiya ta’minoti barqarorligi va uzluksizligini saqlab qolish tarafdori. Biz KQK global energiya tizimi barqarorligini ushlab turishda muhim rol o‘ynashini ta’kidlaymiz.

Biz bu hodisani Qozog‘iston Respublikasi va Ukraina o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga zarar yetkazadigan harakat sifatida ko‘rib chiqamiz va kelajakda shunga o‘xshash hodisalarning oldini olish uchun Ukraina tomonidan samarali choralar ko‘rilishini kutamiz», — deyiladi bayonotda.

29 noyabr kuni ertalab Novorossiysk yaqinidagi Kaspiy quvurlari konsorsiumi (KQK) ning bekatlaridan biriga Ukraina ekipajsiz qayiqlari hujum qilgan. Kompaniya xabar berishicha, obyekt jiddiy zarar ko‘rgan, bu esa uning keyingi faoliyatini imkonsiz qiladi. Hodisadan so‘ng, Qozog‘iston Energetika vazirligi eksport neftini muqobil yo‘nalishlarga o‘zgartirgan.

KQK neft quvurlari tizimi Kaspiy mintaqasidan neftni jahon bozoriga tashishning eng yirik yo‘nalishi hisoblanadi. Uzunligi 1500 km bo‘lgan magistral quvur G‘arbiy Qozog‘iston konlarini (Tengiz, Qorachig‘anoq va Qashagan) Rossiyaning Qora dengizi sohillari bilan bog‘laydi, bu yerda neft KQK dengiz terminali orqali tankerlarga yuklanadi. Hozirgi vaqtda Tengiz-Novorossiysk magistral neft quvuri bo‘ylab neftni tashish vaqtinchalik favqulodda sxema bo‘yicha «Kropotkinskaya» NNSni chetlab o‘tgan holda amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili neftni qayta yuklash hajmi taxminan 63 million tonnani tashkil etgan. Ushbu hajmning taxminan 74 foizi Amerika va boshqa G‘arb davlatlari yuk tashuvchilariga to‘g‘ri keladi.

Joriy yil boshidan beri Kaspiy quvuri konsorsiumi obyektlariga bir necha bor dronlar hujum qildi. 17 fevral kuni portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan dronlar Kropotkinskaya neft nasos stansiyasiga zarar yetkazdi. 19 mart kuni bir nechta uchuvchisiz uchish apparatlari kompaniyaning dengiz terminalida xom neftni qayta yuklashni amalga oshiruvchi «Kavkazskaya» neft nasos stansiyasiga hujum qildi. Sentyabr oyi oxirida Novorossiyskdagi Kaspiy quvurlari konsorsiumi AJ ofisi shahar markaziga qilingan katta dron hujumi natijasida zarar ko‘rdi va kompaniyaning ikki xodimi jarohat oldi.

UPD: 30 noyabr kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Kiyev Qozog‘istonning Kaspiy quvurlari konsorsiumi infratuzilmasi bo‘yicha xavotirlarini «e’tiborga olgani» haqida bayonot berdi. Vazirlik Ukrainaning hech qanday harakatlari Qozog‘istonga yoki uchinchi tomonga qarshi qaratilmaganligini va uning barcha sa’y-harakatlari «o‘zini himoya qilish huquqini amalga oshirish doirasida Rossiyaning keng ko‘lamli tajovuzini qaytarishga qaratilganini» ta’kidladi.

Shu bilan birga, Kiyev «Qozog‘iston tomoni Rossiya Federatsiyasining Ukraina tinch aholisiga, turar-joy binolariga, fuqarolik infratuzilmasiga va mamlakat energetika tizimiga, jumladan, Ukrainadagi AES podstansiyalariga hujumlarini qoralovchi bayonotlar bermagani»ni ta’kidladi.