2026 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston aholisi hukumat ruxsatisiz va investitsiya miqdori cheklovlarisiz Qo‘shma Shtatlarda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalarga investitsiya kiritishi mumkin. O‘zbekiston Markaziy banki 16 dekabr kuni kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibiga o‘zgartirishlar kiritdi, deb xabar beradi «Gazeta.uz».
Bu prezidentning «Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmonida belgilangandi.
Shunday qilib, 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston fuqarolari va korxonalari AQSH kompaniyalariga hukumat ruxsatisiz va pul mablag‘lari ularning O‘zbekiston banklaridagi hisobvaraqlarida bo‘lgan taqdirda, chegaralanmagan miqdorda erkin investitsiya kiritishlari mumkin bo‘ladi.
Yagona shart shundaki, AQSH kompaniyalariga investitsiya qilinayotgan mablag‘lar O‘zbekiston banklaridagi hisobvaraqlarida bo‘lishi lozim.
Shu bilan birga, kapital limiti talabi bekor qilinmoqda. Ilgari investorlar 10 000 dollardan ortiq operatsiyalar uchun o‘z harakatlarini O‘zbekiston hukumati bilan muvofiqlashtirishlari shart edi.
Biroq, boshqa mamlakatlarga kapital oqimi uchun cheklovlar saqlanib qolayotgani ta’kidlanadi. Yengillik faqat AQSH rezidentlari bilan operatsiyalarga taalluqlidir.
Moliyachi Otabek Bakirov O‘zbekiston Markaziy bankining qarorini qo‘llab-quvvatladi va yangi qoidalar AQSHda ro‘yxatdan o‘tgan, ammo aslida Markaziy Osiyo respublikasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar orqali pul oqimlarini qayta taqsimlash va rasmiylashtirishga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tendensiya birinchi navbatda davlat shartnomalari va budjet mablag‘larini oluvchilar, shuningdek, turli o‘zaro bog‘liq sanoat va moliyaviy guruhlar faoliyatiga ta’sir qilishi mumkin.
Abu Dabidagi (BAA) Nyu York universiteti professori Behzod Hoshimov ham cheklovlarning kamaytirilishini ijobiy baholadi. U ba’zilar tuzatishlardan noqonuniy maqsadlarda foydalanishi mumkinligini tan oladi, ammo bu jarayonni huquqiy tartibga solish masalasi. Eng muhimi, ekspert ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo mamlakati rezidentlari dunyodagi eng yirik moliya bozoriga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
«Kelajakda O‘zbekistonlik uy xo‘jaliklari AQSH korxonalarida ulush sotib olishlari, AQSH moliyaviy bozoridan manfaat ko‘ra olishlari juda yaxshi narsa bo‘lar edi. Jamg‘arish uchun ham, sarmoya uchun ham. O‘zbekistonliklar dunyodagi eng katta bozordan o‘zlari o‘zlariga qo‘ygan cheklvolarni deb uzib qo‘yilgan edilar. Bu cheklovlar kamaysa, yaxshi», — deya xulosa qildi Hoshimov.



