O‘z tarixida birinchi marta Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tadigan kelasi yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining final qismida o‘ynash huquqini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi kamida 10,5 million dollar oladi. FIFA saytidagi bayonotga ko‘ra, turnirga tayyorgarlik ko‘rish uchun 1,5 million dollar ajratiladi va jamoaga guruh bosqichidan o‘ta olmasa ham, 9 million dollar mukofot puli beriladi.
Yaqinlashib kelayotgan Jahon chempionati uchun mukofot jamg‘armasi Qatarning Doha shahrida bo‘lib o‘tgan FIFA Kengashi yig‘ilishida tasdiqlandi. Turnir ishtirokchilari uchun rekord darajadagi 727 million dollar e’lon qilindi, bu FIFAning 2022 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etgan jamoalarni rag‘batlantirishga sarflagan mablag‘idan 50% ko‘p (o‘yinlar Qatarda bo‘lib o‘tgan, turnirda Argentina g‘olib chiqqandi).
Mablag‘larning katta qismi — 655 million dollar — jamoalar uchun mo‘ljallanganligi va uchta mamlakat — AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan Jahon chempionatidagi natijalariga qarab taqsimlanishi aniqlandi.
2026 yilgi Jahon chempionati chempioni 50 million dollarlik chek oladi. Ikkinchi o‘rin egasi 33 million dollar, uchinchi o‘rin egasi 29 million dollar va to‘rtinchi o‘rin egasi 27 million dollar oladi.
Quyidagi taqsimot ham tasdiqlangan:
✅ 5-8 o‘rinlar uchun: har bir jamoa uchun 19 million dollar;
✅ 9-16 o‘rinlar uchun: 15 million dollar;
✅ 17-32 o‘rinlar uchun : 11 million dollar;
✅ 33-48 o‘rinlar uchun: 9 million dollar.
Bundan tashqari, final turniriga yo‘llanma olgan barcha jamoalar Jahon chempionatiga tayyorgarlik xarajatlarini qoplash uchun 1,5 million dollar oladi.
Shunday qilib, guruh bosqichidan o‘ta olmagan jamoalar baribir kamida 10,5 million dollar oladi.
FIFA prezidenti Janni Infantino ushbu yangilikka izoh berarkan, kelgusi yilgi Jahon chempionati global futbol hamjamiyatiga moliyaviy hissa qo‘shish nuqtayi nazaridan muhim voqea bo‘lishini ta’kidladi.
Joriy yilning iyun oyida O‘zbekiston terma jamoasi qit’a saralash bosqichi tugashiga bir tur qolganida Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi va BAAdan kelgan raqiblari bilan 0:0 hisobida durang o‘ynadi.
5 dekabr kuni Vashingtonda 2026 yilgi Jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi va O‘zbekiston K guruhiga kiritildi va bu yerda o‘zbek jamoasi Portugaliya va Kolumbiya kabi jamoalarga qarshi pley-off yo‘llanmasi uchun kurash olib borali. Kvartetning to‘rtinchi jamoa Kongo Demokratik Respublikasi, Yamayka va Yangi Kaledoniya ishtirokidagi o‘yinlar g‘olibi bo‘ladi.
ℹ️ Futbol bo‘yicha Jahon chempionati 2026 yil 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Turnirda ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etadi.



