Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi 33 yoshli O‘zbekiston fuqarosini terrorizmni moliyalashtirishda ayblab 15 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda Moskva shahar prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.
Sud 2022 yil oktyabr oyida Moskvada bo‘lgan Maxbubaxon O‘rinboyeva tanishiga o‘z nomiga ochilgan bank kartasi va hisob raqami rekvizitlarini, shuningdek, hisob raqami ustidan to‘liq nazorat qilish huquqini bergan holda foydalanuvchi shaxsiy kabineti ma’lumotlari, parolini berganini aniqlagan.
O‘rinboyevaning hisob raqami va kartasidan foydalanib, erkak 6500 rublni qabul qilib olgan va keyin uni boshqa birovga o‘tkazgan. Bu pullar chet elda yechib olingan. Mablag‘lar terrorchi tashkilot faoliyatini moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan bo‘lgan. Moskva prokuraturasi tashkilot nomini oshkor qilmagan. TASS xabariga ko‘ra, gap Suriyada jang qilayotgan «Katiba Tavhid val-Jihod» (RFda taqiqlangan va terrorchi deb topilgan) xalqaro terrorchi tashkiloti haqida ketmoqda.
O‘rinboyeva aybini tan olmagan. U Rossiya Jinoyat kodeksining 33-moddasi 5-qismi va 205.1-moddasi 4-qismi («Terrorizmni moliyalashtirishni tashkil etishga ko‘maklashish») bo‘yicha hukm qilingan. Hukm hali qonuniy kuchga kirmagan va belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.



