Mirziyoyev Karimov davridagi paxta siyosatini tanqid ostiga oldi

Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo fermerlari bilan uchrashuvda. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekistonda 27 yil davomida paxta yetishtirish ilmiy yondashuvlarsiz olib borilgan, shu sabab odamlar dalalarda azob chekishgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu haqda 4 dekabr kuni Sirdaryo viloyati fermerlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb xabar beradi «Gazeta.uz» nashri «O‘zbekiston 24» telekanali syujetiga tayanib.

«Umrimiz paxtada bekor o‘tgan ekan. 27 yil qiynalganmiz. Shu paxta degan baloni hammamiz dalada ko‘rdik, birimiz ikki bo‘lmadi. <…> Ilm yo‘q, tajriba yo‘q, bilimsiz urra-urra qilib yuraverdik. Hammani dalaga chiqarib, pul bermadik, texnika bermadik, olimlarni pisand qilmadik. 25 sentner ham qilolmadik-ku [Sirdaryo] viloyat bo‘yicha. <…> Eng katta narsa ishlab chiqargan paxtamiz, qilgan xarajatimizni ham qoplamasdi-da», — dedi Mirziyoyev.

Taqqoslash uchun prezident hozirgi hosildorlik ko‘rsatkichlarini keltiradi. U gektaridan 85 sentner hosil yig‘ib olgan jizzaxlik fermerni tilga oldi. Sirdaryoda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mahalliy fermer paxtaning «87» navidan 76 sentner hosil yig‘ib olganini ta’kidlab, buni mo‘jiza deb atadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, odamlar endi o‘z mehnatidan haqiqiy daromad olayotgani uchun bu ishga tobora ko‘proq qiziqishmoqda. Mirziyoyev paxtakorlar gektaridan 50 sentner hosil yig‘ib olsalar, O‘zbekiston qanday daromad olishi mumkinligi borasida savolni o‘rtaga tashladi.

Prezident mamlakat hozirda to‘g‘ri yo‘lda ekanini, ammo ishlarni mukammallashtirish zarurligini ta’kidladi. O‘zbekiston 2026 yili 4,5 million tonna paxta yetishtirishni maqsad qilgan. Taqqoslash uchun, mamlakat 2025 yili paxtadan 3,765 million tonna hosil olgandi.

Paxtachilikda ustoz-shogird an’analarini yo‘lga qo‘yish orqali hosildorlikni 60 sentnerdan oshirgan ilg‘or fermerlarni 30 sentnerdan kam hosil olgan fermerlarga biriktirish taklif qilindi. Ilg‘or fermerlar Qishloq xo‘jaligi malaka oshirish institutida qayta tayyorlanib, ularga sertifikat beriladi. Past hosil olgan fermerlarda hosildorlik kamida 50 sentnerdan oshsa, ularga biriktirilgan ilg‘or fermerlarga 5 million so‘mdan (417 dollar) mukofot puli beriladi.

ℹ️ Majburiy paxta terimi O‘zbekistonda o‘nlab yillar davomida — Sovet davrida ham, mamlakat mustaqilligidan so‘ng, Islom Karimov prezidentligi davrida (1991-2016) ham amalda bo‘lib kelgan. Har yili davlat va xususiy tashkilotlar xodimlari, talabalar va maktab o‘quvchilari paxta dalalariga ommaviy ravishda safarbar qilinardi. 2000-yillarning o‘rtalarida xalqaro Cotton Campaign kaolitsiyasi Uzbek Cotton Pledge aksiyasini tashkil etdi, unga taxminan 300 ta kiyim-kechak brendlari qo‘shildi. Ular majburiy mehnatga barham berilmaguncha, o‘zbek paxtasidan foydalanmaslikka va’da berishdi.

Vaziyat Karimov davrida 13 yil (2003-2016) Bosh vazir lavozimida ishlagan Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelishi bilan o‘zgardi. Rasmiylar aholini paxta terimiga ommaviy ravishda safarbar qilishni va maktab o‘quvchilarini bu ishga jalb qilishni to‘xtatdi. Paxtachilik roli kamaydi, ammo muhimligicha qoldi. 2022 yil mart oyida Cotton Campaign o‘zbek paxtasiga boykotni bekor qildi. O‘sha yil kuzda Qo‘shma Shtatlar o‘zbek paxtasini bolalar va majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxatidan olib tashladi.

Hozirda O‘zbekiston hukumati avvalgidek paxta xomashyosini sotishdan emas, balki undan tayyorlangan qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar eksportidan daromad olishga intilmoqda. 2017 yili mamlakatda paxta tolasining atigi 40 foizi qayta ishlangan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 100 foizni tashkil etadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston endi paxtani AQSHdan ham import qiladi.