«O‘zbekneftgaz» sho‘ba korxonasi Cargill korporatsiyasi orqali mamlakat iqtisodiyotiga $5 mlrdgacha mablag‘ jalb qiladi

eliteautomate.com sayti fotosurati

«O‘zbekneftgaz» AJning sho‘ba korxonasi UNG Overseas va Amerikaning Cargill korporatsiyasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga 5 milliard dollargacha mablag‘ jalb qilishga kelishib oldi, deb xabar beradi «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati.

Tomonlar mablag‘larni bosqichma-bosqich jalb qilishga kelishib oldilar. Dastlabki uzoq muddatli moliyalashtirish limiti 3 milliard dollar miqdorida belgilangan. Bitimning asosiy maqsadlari mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlash va resurslar ta’minoti barqarorligini oshirishdir.

Mablag‘lar muhim hayotiy tizimlar: energetika, suv resurslarini boshqarish va atrof-muhitni muhofaza qilishni kompleks modernizatsiya qilish uchun ishlatiladi. Kompaniya energiya iste’molining o‘sishi va iqlim o‘zgarishini hisobga olgan holda infratuzilmani yangilash zarurligini ta’kidlaydi. Bundan tashqari, investitsiyalar sanoatdagi tizimli xavflarni kamaytirish, resurslarni boshqarish samaradorligini oshirish va mamlakatning energiya mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan.

Jumladan, mablag‘lar uy xo‘jaliklari va sanoat korxonalarini barqaror energiya bilan ta’minlash loyihalariga yo‘naltiriladi.

Kelishuvlarga ko‘ra, UNG Overseas xorijiy hamkorlar bilan strategiya va muvofiqlashtirish uchun javobgar bo‘ladi. Global kapital bozorlarida katta tajribaga ega bo‘lgan Cargill rejalarni amalga oshirish uchun amaliy yechimlarni taklif qiladi.

«O‘zbekneftgaz» imzolangan shartnomani sanoatning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlash, O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga xorijiy investitsiyalarni yo‘naltirish yo‘lida muhim qadam deb atadi.

O‘tgan kuzda Cargill «O‘zsanoateksport» bilan paxta yetkazib berish shartnomasini, «O‘zbekgidroenergo» bilan esa moliyaviy hamkorlik shartnomasini imzoladi.

ℹ️ Cargill — Minnesota shtatida joylashgan AQSHning eng yirik xususiy korporatsiyasi. 1865 yilda tashkil etilgan kompaniyaning global daromadi 150 milliard dollardan oshadi va 70 mamlakatda 160 000 dan ortiq odamni ish bilan ta’minlaydi. Cargill asosan don savdosi va oziq-ovqat ishlab chiqarishda global yetakchi sifatida tanilgan bo‘lsa-da, uning tovar bozorlaridagi xavflar va investitsiyalarni boshqaradigan kuchli moliyaviy xizmatlar bo‘limi mavjud. Markaziy Osiyoda kompaniya tarixan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan savdo qilgan. O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov davrida inson huquqlari faollari Cargillni o‘zbek paxtasini yetishtirishda majburiy va bolalar mehnatidan foydalanilayotganiga qaramay paxtani sotib olayotgani uchun tanqid qilishgandi.