Apple va Google Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikistondagi foydalanuvchilarni ortida davlat tuzilmalari turgan xakerlik hujumlari tahdididan ogohlantirdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Apple korporatsiyasi ogohlantirishlar 2 dekabr kuni yuborilganini ma’lum qildi. Qo‘shimcha ma’lumotlar berilmagan. Kompaniya hujumga uchragan foydalanuvchilar soni yoqi kimlar kuzatuv olib borayotgani haqidagi savollarga javob bermagan. Apple faqat bildirishnomalar ko‘lamini qayd etgan: «bugungi kunga qadar 150 dan ortiq mamlakatlardagi foydalanuvchilarni ogohlantirdik».
iPhone ishlab chiqaruvchisining bayonoti Googlening 3 dekabrdagi xabaridan keyin e’lon qilindi. Kompaniya Intellexa josuslik dasturi ta’minoti (DT) tomonidan nishonga olingan barcha ma’lum foydalanuvchilarga bildirishnomalar yuborgan.
Google ma’lumotlariga ko‘ra, kuzatuv kampaniyasi «turli mamlakatlardagi bir necha yuz akkauntlarni» qamrab olgan. Hujumlar aniqlangan mamlakatlar ro‘yxatiga Pokiston, Qozog‘iston, Angola, Misr, O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni va Tojikiston kiradi.
Google o‘z xabarida josuslik dasturi ishlab chiqaruvchisi maqomini ta’kidlab, AQSH hukumati sanksiyalariga duchor bo‘lgan Intellexa kiberrazvedka kompaniyasi «cheklovlarni chetlab o‘tib, gullab-yashnayotganiga» urg‘u beradi.
Bunday ogohlantirishlar ilgari ommaviy axborot vositalarida shov-shuv keltirib chiqargandi. Ular Yevropa Ittifoqi kabi davlat idoralari tomonidan tergovlar qo‘zg‘atilishiga turtki bo‘lgan, zero ularning yuqori lavozimli amaldorlari ham josuslik dasturlari nishoniga aylangandi. Bundan tashqari, bunday ogohlantirishlar «ko‘pincha josuslik dasturlarini suiiste’mol qilish uchun haqiqiy javobgarlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan bir qator tekshiruvlar va kashfiyotlar boshlanishi uchun birinchi qadami bo‘lib xizmat qiladi».
ℹ️ Intellexa — bu 2019 yili sobiq Isroil harbiy razvedkasi xodimi Tal Dilian tomonidan asos solingan xususiy tijorat josuslik dasturlari ishlab chiqaruvchisi. Ularning mahsuloti Predator hukumat idoralari tomonidan smartfonlarni yashirin buzish kirish uchun ishlatilayotgani bilan mashhur.
Masalan, onlayn reklama orqali o‘rnatilgandan so‘ng, Predator jabrlanuvchining qurilmasiga, jumladan, shifrlangan xabar almashish ilovalariga (Signal, WhatsApp), kameraga, mikrofonga, geolokatsiyaga va parollarga egasining xabarisiz to‘liq kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Sizib chiqqan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, Intellexa xodimlari mijozlar tizimlari va to‘plangan ma’lumotlarga masofadan kirish imkoniyaga ega bo‘lgan bo‘lishlari mumkin.
2024 yili AQSH hukumati Intellexaga nisbatan o‘z dasturidan Amerika amaldorlari va jurnalistlariga qarshi foydalangani uchun sanksiyalar qo‘lladi. Inson huquqlari faollarining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya texnologiyasi Qozog‘iston va Misr kabi bir qancha mamlakatlarda muxolifat va faollarni zimdan kuzatib borish uchun ishlatilgan. Cheklovlarni chetlab o‘tish uchun kompaniya turli yurisdiksiyalardagi yuridik shaxslarning murakkab tuzilmasidan foydalanadi.
Mutaxassislar foydalanuvchilarga havolalar bo‘yicha o‘tishda, fayllarni yuklab olishda va noma’lum manbalardan olingan reklamalar bilan ishlashda ehtiyot bo‘lishni tavsiya qiladilar.



