Qozog‘istonda o‘zbekistonliklarni olib ketayotgan avtobus ag‘darilib ketdi — besh kishi halok bo‘ldi

Hodisa yuz bergan joy. nur.kz sayti fotosurati

7 dekabr kuni Aqto‘be viloyatida (G‘arbiy Qozog‘iston) 49 nafar o‘zbekistonlik fuqarolarni olib ketayotgan avtobus ag‘darilib ketdi. Besh kishi halok bo‘ldi, deb xabar beradi NUR.KZ nashri viloyat politsiya boshqarmasiga tayanib. Yana 11 kishi turli darajadagi jarohatlar olib, kasalxonaga yotqizilgan.

Hodisa Samara-Chimkent avtomagistralining 1024-kilometrida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Permdan Toshkentga ketayotgan avtobus yon tomonga ag‘darilib ketgan. Hodisa sabablari tekshirilmoqda.

Ayni paytda, O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi bir kun oldin avtohalokatda halok bo‘lgan besh kishidan faqat ikkitasi O‘zbekiston fuqarosi ekanini ma’lum qilgandi. Hozirda jasadlarni o‘z vataniga qaytarish ishlari olib borilmoqda va vafot etgan odamlarning oilalariga dafn marosimida yordam ko‘rsatiladi. FVV xodimlari qozog‘istonlik hamkasblari bilan doimiy aloqada bo‘lib, avtohalokat sabablarini birgalikda o‘rganmoqda, deyiladi bayonotda.

Qozog‘istonda uzoq masofaga qatnaydigan yo‘lovchi avtobuslari ishtirokida baxtsiz hodisalar muntazam ravishda sodir bo‘lib turadi. Masalan, shu yilning mart oyida Irgiz qishlog‘idan 40 kilometr uzoqlikda yuk mashinasi 30 nafar O‘zbekiston fuqarosini olib ketayotgan avtobus bilan to‘qnashib ketgan. Baxtsiz hodisada hech kim jabrlanmagan.

2022 yil may oyida Jambil viloyatida Nukusdan Olmaotaga ketayotgan yo‘lovchi avtobusi ishtirokida baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi. Salonda 53 yo‘lovchi, jumladan, 47 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. Baxtsiz hodisada ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi — haydovchi yordamchisi va yo‘lovchi halok bo‘lgan.

Eng jiddiy baxtsiz hodisa 2018 yil 18 yanvar kuni ertalab sodir bo‘lgandi. Aqto‘be viloyatidagi Samara-Chimkent avtomagistralining 1068-kilometrida O‘zbekistondan Rossiyaga ishlagani ketayotgan 55 yo‘lovchi va ikki haydovchini olib ketayotgan Ikarus avtobusi yonib ketgan. Natijada ellik ikki kishi halok bo‘lgan.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, avtobus buzilib qolgan va haydovchilar salonni olovli lampa bilan isita boshlaganlar, natijada yong‘in sodir bo‘lgan. Faqat besh kishi — ikki yo‘lovchi va uch haydovchi avtobusni tark etishga muvaffaq bo‘lgan, ularning har biri besh yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.