Buxoro viloyatidagi ishlab chiqarish obyektida sodir bo‘lgan portlash oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi, deb xabar beradi O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) matbuot xizmati.
Hodisa 6 dekabr kuni soat 9:40 da Kogon tumanining «Mustaqillik» mahallasida joylashgan SHAMS LTD korxonasida sodir bo‘lgan. Hodisa paytida obyektda o‘ttiz ishchi bo‘lgan. Portlashdan so‘ng binoda yong‘in boshlangan.
Voqea joyiga yettita yong‘in-qutqaruv guruhi yetib kelgan. Yong‘in soat 10:27 da to‘liq o‘chirilgan. Obyektda halok bo‘lgan to‘rt xodimning jasadi topilgan. Yana to‘rt ishchi yengil jarohatlar olgan, ulardan ikkitasi kasalxonaga yotqizilgan.
O‘zbekiston prezidenti ko‘rsatmasiga binoan hodisani tekshirish uchun hukumat komissiyasi tuzilgan. Unga Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi raisi Abduvaqqos Rafiqov rahbarlik qilmoqda. Komissiyaga jabrlanganlar va ularning oilalariga har tomonlama yordam ko‘rsatish va portlash oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralarni ko‘rish vazifasi yuklatilgan.
FVV ma’lumotlariga ko‘ra, SHAMS LTD 2019 yildan beri faoliyat yuritib keladi va tog‘-kon sanoati korxonalariga portlovchi moddalarini yetkazib berishga ixtisoslashgan. Zavod mahsulotlari yangi konlarni o‘zlashtirishda qo‘llaniladi. Kompaniya O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi konchilik kompaniyalari ehtiyojini qondiradi.
Avvalroq, 2 dekabr kuni Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi kafeda sodir bo‘lgan gaz balloni portlashi oqibatida uch kishi halok bo‘lgandi.



