Sirdaryoga infratuzilmani takomillashtirish va biznesni rivojlantirish uchun 11 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi

xabar.uz sayti fotosurati

2026 yili O‘zbekiston hukumati Sirdaryo viloyatiga infratuzilmani rivojlantirish uchun 1,5 trillion so‘m (125,6 million dollar) va biznes loyihalari uchun 10 trillion so‘m (837,5 million dollar) ajratishni rejalashtirmoqda. Ushbu mablag‘ning 753 milliard so‘mi (63 million dollar) mahallalardagi sharoitlarni yaxshilashga sarflanadi. Ushbu raqamlarni prezident Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari viloyat Kengashining favqulodda sessiyasida ma’lum qildi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Sirdaryo ma’lum yutuqlarga erishdi. So‘nggi sakkiz yil ichida 4 milliard dollarlik investitsiya jalb qilindi, 187 ta yirik korxona ishga tushirildi, 120 ming ish o‘rni yaratildi va taxminan 50 ta yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Natijada sanoat ishlab chiqarishi 4 trillion so‘mdan (335 million dollar) 25 trillion so‘mga (2 milliard dollar) oshdi.

Qozog‘iston bilan hamkorlikda Sirdaryo tumanida Markaziy Osiyo xalqaro sanoat kooperatsiyasi markaziga start berildi. Ushbu markaz hududida qiymati 300 million dollarlik 14 ta sanoat korxonasi kelasi yilning birinchi choragi yakuniga qadar ish boshlashi, 2026 yilda yana 720 million dollarlik 40 ta yangi loyiha joylashtirilishi belgilandi.

Ilgari dotatsiya olgan Guliston, Yangiyer shaharlari, Boyovut, Mirzaobod, Sayxunobod, Sirdaryo va Xovos tumanlari bugun o‘z xarajatini o‘zi qoplash darajasiga yetgani qayd etildi.

Ijtimoiy sohada ham ishlar davom etmoqda. Masalan, faqat shu yilning o‘zida aholi hayotini yaxshilash uchun 100 million dollar ajratildi. Natijada 47 ta maktab, 45 ta bolalar bog‘chasi, 31 ta tibbiyot muassasasi va beshta sport va madaniyat inshooti kapital ta’mirlandi. Bu sohadagi ishlar davom etadi va viloyat qo‘shimcha 100 million dollar mablag‘ oladi.

Sessiyada tashkiliy masala ham ko‘rildi. Prezidentimiz hokim vazifasini bajarayotgan Erkin Turdimov nomzodini Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga ilgari surdi. Ovoz berish natijasiga ko‘ra, Erkin Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Davlatimiz rahbari yangi hokim oldiga Sirdaryoni rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘ydi. Jumladan, kelasi yillar davomida viloyatga jami 3 milliard dollar investitsiya kiritish, eksport hajmini 500 million dollarga yetkazish, 185 ming aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha qat’iy ishlash zarurligi qayd etildi.

Toshkent shahridagi sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich poytaxtdan tashqariga ko‘chirish jarayonida Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasidagi bo‘sh yerlar mavjud quvvatlarni joylashtirish uchun katta imkoniyat ekani ta’kidlandi. Shu bois, poytaxtdan o‘z korxonasini Sirdaryoga ko‘chirish istagida bo‘lgan tadbirkorlarga sanoat zonasidagi yerlar soddalashtirilgan tartibda, chegirma bilan taqdim etiladi, ularga 10 milliard so‘mgacha (837 500 dollar) imtiyozli kredit ajratiladi, xomashyoni temir yo‘l orqali tashishda arzonlashtirilgan tariflar qo‘llanadi.

Deputatlar kengashi yig‘ilishida yana bir qator tashabbuslar e’lon qilindi. Shunday qilib kelasi yili Boyovut tumanida sig‘imi 100 million kub metr bo‘lgan «Sultonhovuz» suv ombori qurilishi boshlanadi. Bu orqali Boyovut, Guliston, Sayxunobod, Sirdaryo va Mirzaobod tumanlaridagi 110 ming gektarda yiliga ikki marta hosil olish imkoniyati yaratiladi.

A-373 yo‘lining Sayxunobod va Guliston tumanlaridan o‘tuvchi 37 kilometr qismini oltita tasmali qilib rekonstruksiya qilish ishlarini boshlash topshirildi. Boyovut, Guliston, Xovos, Mirzaobod, Sirdaryo va Sayxunobodning 18 ta mahallasidagi 67 kilometr yo‘lni sement-beton qoplamaga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Sirdaryoga safari davomida Mirziyoyev farmatsevtika ishlab chiqarish zavodi, qadoqlash zavodiga tashrif buyurdi, Gulistondagi Buston mahallasi aholisi bilan uchrashdi va shaharga 52 ta yangi avtobusni topshirish marosimida ishtirok etdi.

Davlat rahbari shuningdek, mahalliy kasalxonaga tashrif buyurdi va u yerda bir necha kun oldin Gulistondagi ovqatlanish shoxobchalaridan birida sodir bo‘lgan portlashda jarohat olganlarni ziyorat qildi. Uch kun muddatda qurbonlarning oilasiga 100 million so‘mdan (8300 dollar) moddiy yordam ajratish topshirildi.